O‘zA O`zbek

28.01.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda Amersfort konslageridagi oʻzbek asirlari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film suratga olinmoqda

Oʻzbekistonda Amersfort konslageridagi oʻzbek asirlari haqida hikoya qiluvchi hujjatli film suratga olinmoqda

Samarqandda Ikkinchi jahon urushi davrida yuz bergan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi hujjatli kinoasarni suratga olish ishlari boshlandi.

Mazkur film 1941-yilda Smolensk ostonasida asir tushgan va Gollandiyaning Amersfort konslageriga joʻnatilgan 101 nafar oʻzbek oʻgʻloni haqida hikoya qiladi. Yigitlarni natsistlarning gʻoyaviy rahnamolaridan biri Gebbelsning shaxsiy topshirigʻiga binoan, fashist askarlari “yovvoyi xalqlar” bilan qanday kurashayotgani haqidagi targʻibot filmini suratga olish uchun tayyorlashadi. Gitlerning Sovet ittifoqini yashin tezligida bosib olishga qaratilgan rejasi barbod boʻlgach, ushbu asar askarlarning tushkun ruhini koʻtarishi, raqiblarning “qanchalik nochor va insoniylikdan yiroq” ekanini koʻrsatishi lozim edi.

Ana shu maqsadda natsistlar 101 nafar oʻzbekistonlik asirni tanlab olishadi va ularga maʼlum vaqt mobaynida ovqat berishmaydi. Suratga olish guruhi yetib kelganida, ochlikdan sillasi qurigan oʻzbek asirlarining oldiga bitta buxankani irgʻitishadi. Ularning nazarida asirlar bir burda non uchun bir-birini gʻajishga tayyor turishi kerak edi. Ammo, hammasi boshqacha tus oladi.

Oʻzbeklar sharqona odatga koʻra, nonni teng boʻlaklarga taqsimlab, bir-birlariga uzatishadi. Fashistlar bundan gʻazabga minishadi, asirlarni rosa tepkilashib, keyin otib tashlashadi. Shu tariqa Gebbelsning vahshiyona rejasi yoʻqqa chiqadi.

Suratga olinayotgan filmning asosiy gʻoyasi ana shu tarixiy fakt yordamida oʻzbek xalqining mardligi, tantiligi, bagʻrikengligini koʻrsatishgan iborat. Bu tarixiy voqeani gollandiyalik jurnalist Remko Reyding 20 yildan beri tadqiq qilib keladi. U ayni paytda Oʻzbekistonga tashrif buyurib, insonparvarlik va qahramonlikni tasvirlovchi ushbu kinoasarni suratga olish jarayonida ishtirok etmoqda.

Amersfort lagerida halok boʻlgan 101 yigit frontga Samarqand viloyatidan borgani taxmin qilinmoqda. Shu bois, loyiha “Oʻzbekkino milliy agentligi tomonidan gollandiyalik kinematograflar bilan hamkorlikda, Samarqand viloyati hokimligining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida mamlakatimizda oʻzbek xalqining urush yillarida koʻrsatgan jasoratini abadiylashtirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotganini qayd etdi, – dedi “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Aminmanki, oʻzbek va golland kino ustalarining hamkorligi natijasida xalqimizning milliy ruhi, oʻzbek asirlarining qahramonona xatti-harakatlari yaqqol ochib beriladi.

– Loyihaning bosh maqsadi urushning asl qahramonlari xotirasiga munosib ehtirom koʻrsatishdan iborat, – dedi gollandiyalik jurnalist Remko Reyding. – Hamkorlikdagi izlanishlarimiz natijasida ushbu qahramon jangchilarning nomlari tiklanishi va ularning yaqinlari topilishiga astoydil umid qilamiz.

27 384
R.JABBOROV, OʻzA