O‘zA O`zbek

03.04.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda aliment undirish mexanizmi yetarli darajada takomillashganmi?

O‘zbekistonda aliment undirish mexanizmi yetarli darajada takomillashganmi?

Mutaxassis fikri

Moddiy yordamga muhtoj voyaga yetmagan shaxslarga alimentlarni o‘z vaqtida to‘lash masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. 

O‘zbekistonda milliy qonunchilikka binoan, davlat bolalarning huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, ularni himoya qiladi, shuningdek, ota-onalardan o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlashni talab qiladi. Ushbu normalar Konstitutsiya, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun, Oila, Fuqarolik kodekslari va boshqa qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan.

Voyaga yetmagan farzandlarni ta’minlashdan bo‘yin tovlash holatlari qanchalik keng tarqalgan? Bu savolga quyidagi raqamlar misolida javob topish mumkin. 

Mamlakatimizda har yili 45 mingdan ortiq sud hujjatlari qabul qilinadi, ayni paytda 240 mingtadan ziyod aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ish hujjatlari davlat ijrochilarining ish yurituvida turibdi. Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan taxminan 2 mingga yaqin shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Har yili jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan alimentlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan 3 ming nafarga yaqin shaxslar ustidan ishlar ko‘rib chiqiladi.

Germaniyada 1979 yildayoq ota-onasi aliment majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlagan 13 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarga davlat tomonidan aliment mablag‘larini to‘lash tizimi joriy etilgan. Fransiyada esa Oila kassalari faoliyat yuritadi. Agarda ota (ona) ikki oy davomida farzandining ta’minoti uchun aliment mablag‘larini to‘lamasa, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzand bo‘lgan ikkinchi taraf (ota yoki ona) ushbu Oila kassalaridan aliment mablag‘ini olishi mumkin. Estoniyada 2017 yilda to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalanayotgan bolalarga yordam beruvchi aliment fondi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ushbu fond ota yoki onadan aliment qarzdorlikni undirishning iloji bo‘lmagan holatlarda bola ta’minoti uchun oyiga 100 yevrogacha bo‘lgan miqdorda to‘lovni amalga oshiradi. 

Bu fondlar davlat tomonidan moliyalashtiriladi, ya’ni mazkur fondlarga murojaat qilgan fuqaro farzandi ta’minoti uchun darhol, hech qanday qiyinchiliklarsiz yetarli mablag‘ bilan ta’minlanadi. O‘z navbatida, fond tomonidan to‘langan mablag‘lar keyinchalik aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan ota yoki onadan majburiy tartibda undiriladi. 

Bunday maxsus fondlar Avstriya, Latviya, Litva, Polsha, Sloveniya kabi bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yuqori pog‘onalarni egallab kelayotgan davlatlarda ham tashkil etilgan. Bu fondlar pul mablag‘larini to‘lashdan tashqari, ishsizlik oqibatida aliment qarzdorlikni to‘lashga imkoniyati bo‘lmagan ota-onalarni ish bilan ta’minlashga ham ko‘maklashadi. 

O‘zbekistonda qarzdorlikni undirishga qaratilgan chora-tadbirlardan biri sifatida qarzdorning vaqtincha chet elga chiqish huquqini cheklash belgilangan. 2009 yildan buyon mazkur chora 33 mingdan ziyod qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan. Biroq qarzdorlarning barchasida ham chet elga chiqish zaruriyati yo‘qligi sababli ushbu cheklovni yetarli darajada samarali, deb bo‘lmaydi. 

Belarus, Buyuk Britaniya, Isroil, Qozog‘iston, Kanada, Polsha, Rossiya, AQSh, Finlyandiya kabi xorijiy davlatlarning tajribasi maxsus huquqlarni, jumladan, ov qilish yoki transport vositasini boshqarishga bo‘lgan huquqlarni vaqtincha cheklash qarzdorlikni undirishning samarali vositasi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Misol uchun, Rossiyada mazkur mexanizm joriy etilganidan so‘ng bir yilda 1,9 milliard rubldan ziyod aliment qarzdorligi undirilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich qarzdorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida undirilgan pul mablag‘laridan uch baravar ko‘proqni tashkil etgan.

Shu o‘rinda ma’lumot uchun aytish mumkinki, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar soni deyarli 5 millionni tashkil etadi, ularning 90 foizdan ziyodini erkaklar tashkil etadi. 

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilning 29 martdagi qonuni bilan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, shuningdek, ota-onani moddiy ta’minlashdan (aliment to‘lashdan) bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi. Ushbu huquqbuzarlik uchun 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga eng kam ish haqining 20 baravari miqdorida jarima nazarda tutilgan.

Baribir, yuqorida ko‘rsatilgan ma’muriy jazo choralari yetarli darajada samarali emasligini amaliyot ko‘rsatmoqda. Chunki, birinchidan, ko‘p holatlarda huquqbuzarlar tayinlangan jarimani to‘lashga imkoniyati yo‘q. Ikkinchidan, ma’muriy qamoqqa olish chorasi aliment qarzdorlikni bartaraf etishga yordam bermaydi. Chunki “Ma’muriy qamoqni o‘tash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar pul to‘lanadigan ishlarga faqatgina ularning yozma roziligi asosidagina jalb qilinishi mumkin.

Rossiya, AQSh, Gruziya, Moldova, Ukraina va bir qator boshqa davlatlar qonunchiligiga ko‘ra, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan majburiy jamoat ishlari shaklidagi ta’sir chorasi qo‘llaniladi.Unga ko‘ra, mehnat evaziga olingan haq qarzdorlikni bartaraf etishga yo‘naltiriladi. 

O‘zbekistonda majburiy jamoat ishlari jinoiy jazo turi sifatida qo‘llaniladi. Bunda mahkum haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilinadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda majburiy jamoat ishlari kabi jazo chorasi belgilanmagan. 

Shunga ko‘ra, milliy amaliyot hamda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish voyaga yetmagan shaxslarni himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida, to‘liq undirish uchun yangi mexanizmlarni joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda. 

Sobirjon Nurberdiev,
Qonunchilik muammolari va parlament 
tadqiqotlari institutining bosh ilmiy xodimi.

1 203
O‘zA