O‘zA O`zbek

16.08.2018 11:02 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda 7 oyda 24 324,5 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

O‘zbekistonda 7 oyda 24 324,5 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

Joriy yilning yanvar – iyul oylarida O‘zbekistonda jami 24 324,5 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, o‘sish surati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,0 foizni tashkil etdi.

Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Jami qurilish ishlari hajmidan yirik pudrat tashkilotlari tomonidan 7 414,7 milliard so‘m qurilish ishlari bajarilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 30,5 foiz hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 106,4 foizni tashkil etdi.

Kichik korxona va tashkilotlar, mikrofirmalar hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 41,8 foizi yoki 10 161,1 milliard so‘m to‘g‘ri keldi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 113,0 foiz). Norasmiy sektor hissasiga esa 27,7 foiz yoki 6 748,7 milliard so‘m to‘g‘ri keldi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 99,4 foiz).

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qurilish ishlarining asosiy qismi qurilish loyihalarini ishlab chiqish, turarjoy va yashash uchun mo‘ljallangan binolar qurish hamda yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bo‘yicha amalga oshirilgan qurilish ishlaridan tashkil topdi. Ularning ulushi jami qurilish ishlari hajmida 77,4 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,1 foiz punktga ko‘paydi.

• Fuqarolik qurilishi obyektlarini qurish bo‘yicha qurilish ishlari hajmi joriy davrda 11,1 foiz (o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,4 foiz punktga kamaydi);

• ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hissasi 11,5 foiz (o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,7 foiz punktga kamaydi);

• fuqarolik qurilishi obyektlarini qurish ishlari bo‘yicha yirik pudrat tashkilotlarining ulushi 48,0 foiz (o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 2,8 foiz punktga ko‘p).

Shuningdek, kichik tashkilotlar va mikrofirmalar ulushi 47,1 foiz (2,0 foiz puktga kamayish) va norasmiy sektorning ulushi 4,9 foizni (0,8 foiz punktga kamayish) tashkil etdi. Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari tarkibida yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmining ulushi o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 8,5 foiz punktga kamaydi va 25,2 foizni tashkil etdi. Qolgan 74,8 foiz kichik tashkilotlar va mikrofimalar hissasiga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 8,5 foiz punktga ko‘paydi.

Joriy davrda jami qurilish ishlarining katta qismi kichik tashkilotlar va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ular tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 10 161,1 milliard so‘mni (jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 41,8 foiz) tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,0 foizga ko‘paydi. Yirik qurilish pudrat tashkilotlari tomonidan 7 414,7 milliard so‘m qurilish ishlari bajarilib, jami qurilish ishlaridagi ulushi 30,5 foizni tashkil etdi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 106,4 foiz).

Yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmining hudular bo‘yicha tarkibida Navoiy viloyati yetakchilik qilmoqda. Ushbu hududda bajarilgan qurilish ishlarining 34,7 foizi yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan.

Yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlarining eng kam ulushi Samarqand viloyatida kuzatildi – 1,4 foiz. Bu hududdagi qurilish ishlarining asosiy qismi norasmiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelib, 50,8 foizni tashkil qildi. Ushbu hududda ham kichik tashkilotlar va mikrofirmalar tomonidan salmoqli qurilish ishlari bajarildi va ular tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi hududdagi jami qurilish ishlarining 47,8 foizini tashkil etdi.

Qurilish ishlarining hududlar kesimida eng yuqori o‘sish surati Navoiy viloyatida kuzatildi.Ushbu hududda “Auminso-Amantoy konlari”da oltin-ma’danli konlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha konlarni qurish (I – II bosqich), Amudaryo-Zarafshon suv yo‘lida nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning amalga oshirilayotgani tufayli ushbu hududda o‘sish suratining 131,0 foiz bo‘lishini ta’minladi. Toshkent shahridagi yuqori o‘sish surati, yani 111,6 foiz metro liniyalarining qurilishi, Toshkent shahar halqa yo‘lida elektro poyezdlar uchun temir yo‘l qurilishi va boshqa loyihalarning bajarilishi natijasidir. Farg‘ona viloyatidagi yuqori o‘sish surati asosan norasmiy sektor tomonidan qurilish ishlarining jadal bajarilganligi bilan bog‘liq.

O‘zA
1 717