O‘zA O`zbek

13.08.2018 10:54 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda 2018-yilning yanvar – iyul oyida 1151 ta xorij korxonasi tashkil qilindi

O‘zbekistonda 2018-yilning yanvar – iyul oyida 1151 ta xorij korxonasi tashkil qilindi

Faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 6468 tani tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar sonini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 1195 taga yoki 22,6 foizga o‘sgan. Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalardan 3528 tasi qo‘shma korxona, 2940 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar yillar davomida o‘sish, birlikda 

photo5443046161012336814.jpg

Faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar tarkibida qo‘shma korxonalar va xorijiy korxonalarning soni, birlikda

photo5443046161012336815.jpg

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi Toshkent shahar 4140 ta (64,0 foiz), Toshkent viloyati 719 ta (11,1 foiz) va Samarqand viloyatlari 350 ta (5,4 foiz) hissalariga to‘g‘ri keladi. Eng kam xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan korxonalar Xorazm viloyati 54 ta (0,8 foiz), Qashqadaryo viloyati 67 ta (1,0 foiz), Navoiy viloyati 79 ta (1,2 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 97 ta (1,5 foiz) hissalariga to‘g‘ri keladi. Bu esa mazkur hududlarda xorijiy hamkorlar bilan ishlashni, investitsiyalar jalb etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada rivojlantirishni talab etadi.

Agar faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ushbu ma’lumotlarni 2018 yil 1 avgust holatiga ko‘rsak, eng ko‘p sanoatda – 2678 ta (41,4 foiz), savdoda – 1353 ta (20,9 foiz) hamda boshqa faoliyat turlarida esa 1104 ta (17,1 foiz) tashkil qilingan.

Eng kamlari esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda – 89 ta (1,4 foiz), axborot va aloqada – 164 ta (2,5 foiz), tashish va saqlashda – 190 ta (3,0 foiz) qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 247 ta (3,8 foiz), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda – 272 ta (4,2 foiz) va qurilishda – 371 ta (5,7 foiz) tashkil qilingan. Shundan ko‘rinib turibdiki faoliyat yuritadigan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi sanoat va savdo faoliyat turiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, eng kam ulushi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar hamda axborot va aloqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi.

2018-yilning yanvar – iyul oyida xorijiy kapital ishtirokidagi ro‘yxatdan o‘tgan yangi korxonalarning soni 1151 tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 736 taga ko‘paygan yoki 2,8 baravarga oshgan. Bunda, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari kapitali ishtirokida – 144 ta, Turkiya Respublikasi – 147 ta, Xitoy Xalq Respublikasi – 137 ta, Qozog‘iston Respublikasi – 91 ta va Koreya Respublikasi – 78 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 2018-yil davomida Afg‘oniston, Hindiston, Germaniya, Ukraina, Ozarbayjon mamlakatlari va boshqa davlatlar rezidentlari qo‘shma faoliyatga qiziqish bildirdilar.

photo5443046161012336816.jpg

Yangi tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, asosan, sanoatda 364 ta, savdoda 307 ta, qurilishda 108 ta, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 95 ta va boshqa faoliyat turlarida 277 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona yangi tashkil etilgan.

O‘zA
1 762