Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 16:49 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda 1,1 milliondan ortiq homilador ayol tekshiruvdan o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan maqsad nima?

Sog‘lom bola sog‘lom va ahil oila mevasi bo‘lib, faqat sog‘lom onadangina sog‘lom avlod dunyoga keladi.

Mamlakatimizda bolalarning sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalar sportini rivojlantirish kabi sohalardagi izchil islohotlar bir-birini to‘ldirib, yaxlit tizim shaklini oldi. Joylardagi zamonaviy tibbiyot markazlari, ta’lim muassasalari, muhtasham sport inshootlari har jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Har bir ota-ona farzandining sog‘-salomat dunyoga kelishini istaydi. Sog‘lom bola ota-ona baxti, yurt tayanchi bo‘lib, oila mustahkamligini ta’minlaydi. Biroq ba’zan uzoq kutilgan "mehmon" biror nuqson bilan tug‘iladi. Bu esa ko‘plab ijtimoiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Mana shunday noxush vaziyatlarning oldini olish, tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlab, nogiron bolalar tug‘ilishini kamaytirish maqsadida yurtimizda skrining markazlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 25-dekabrdagi “2018-2022-yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Jumladan, 2018-2022-yillarda bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi – “Ona va bola skrining” markazlarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, tug‘ma va irsiy kasalliklarning birlamchi profilaktikasi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, irsiy kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

2013-2017-yillarda nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi doirasida “Ona va bola skrining” markazlari biokimyoviy analizatorlar va zamonaviy ultratovush skanerlar, chaqaloqlarda va kichik yoshdagi bolalarda irsiy kasalliklarning keng doirasiga tashxis qo‘yish uchun yuqori texnologik analizatorlar – tandem mass-spektrometrlar bilan jihozlandi. Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida 1,1 milliondan ortiq homilador ayol tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu rivojlanishida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan 21 mingdan ortiq bola tug‘ilishining oldini olish imkonini berdi.

Biroq shunga qaramay, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik va davolash-tashxis qo‘yish tadbirlari, ayniqsa, qishloq joylarda bo‘lajak onalar va bolalar sog‘lig‘i holati ustidan patronaj tizimini yanada takomillashtirish, jahon amaliyotiga muvofiq tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalarning hamda “Ona va bola skrining” markazlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash talab etiladi.

Irsiy kasalliklar kelib chiqishiga qizlarning balog‘at yoshiga yetmay turmush qurishi, tug‘ish yoshidagi ayollarning tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmasligi, ekstragenital kasalligiga chalinganlarning farzand ko‘rishi, tug‘ruqlar o‘rtasidagi oraliqqa rioya etmaslik kabi omillar ham sabab bo‘layotir.

“Ona va bola skrining” markazlarini yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar va zarur materiallar bilan jihozlash orqali ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, homiladorlikning dastlabki uch oyida ayollarni markaziy ko‘p tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tug‘ishdan oldin ommaviy tekshirish va xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yo‘li bilan homilada tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish va ularga barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirish, homilada va kichik yoshdagi bolalarda xromosom sindromlar diagnostikasida laboratoriya diagnostikasining zamonaviy usullarini, jumladan, sitogenetik va molekulyar-sitogenetik texnologiyalarni joriy etish dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Davlat dasturida belgilangan tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar h
isobidan moliyalashtiriladi.

Yurtimizda ona va bola salomatligi muhofazasi naqadar muhimligi nazarda tutilgan holda, skrining markazlari bosqichli tarzda qabul qilinib kelayotgan Davlat dasturlari asosida moddiy-texnik jihatdan takomillashtirib borilmoqda. Ayni paytda bu boradagi ishlarga zamonaviy ultratovushli tashxis uskunalari yordamida homilasi 10-14 haftalik bo‘lgan barcha ayollar ommaviy tekshiruvdan o‘tkazilayotgan tuman va shahar tibbiyot birlashmalari jalb qilingan.

2017-yilda yurtimiz klinikalarida lab-tanglay nuqsoni, ortopedik va kuyish asoratlari bo‘lgan 544 nafar bola operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. Shuningdek, Germaniya, Hindiston va Janubiy Koreyada 44 nafar bola operatsiya qilindi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutida 184 nafar yurak tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. Bundan tashqari, jamg‘arma tomonidan 8 turdagi 58 ming dona buklet chop etildi. Aholi o‘rtasida sog‘lom oilani shakllantirishga qaratilgan 5113 uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Mazkur tadbirlarga 117 ming nafar bola va o‘smir qamrab olinib, ularga 71 ming dona buklet tarqatildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-dekabrdagi “2018-2022-yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida” gi qarori mamlakatimizda kelajak avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaldagi ifodasidir. Xalqimiz ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yaxshi anglaydi. Chunki har bir oila tug‘ilajak farzandining jismonan sog‘lom, ruhan tetik bo‘lishini xohlaydi. Albatta, bu ota-ona zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Har tomonlama barkamol farzandning dunyoga kelishi o‘z vaqtida o‘tkaziladigan tibbiy ko‘riklarga bog‘liq.

Mazkur Davlat dasturida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash borasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ishtirokiga qaratilgan qator vazifalar belgilangan. Ustuvor maqsadi onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘lgan fond bundan keyin ham millat genofondini mustahkamlash yo‘lida o‘z hissasini qo‘shaveradi.

S. Inomova,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya
fondi boshqaruvi raisi.

O‘zA
8 276