Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 16:58 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi tuzildi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarimiz xohish-istaklaridan kelib chiqib, yo‘nalishlar bo‘yicha to‘garaklar, markazlar, kengashlar tashkil etilmoqda.

Ittifoq qoshida tashkil etilgan O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi yosh fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida fermerlik faoliyatini keng targ‘ib qilish va rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Kengash uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga jalb etish, yosh fermerlar faoliyatida duch kelinayotgan muammolar va masalalarni hal etishda ko‘maklashish, xorijiy ilg‘or tajribalarni fermerlar faoliyatiga joriy qilishda amaliy yordam ko‘rsatish hamda ularni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi atrofida birlashtirish maqsadida tashkil etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi 5 ming 800 dan ziyod yosh fermer qariyb 300 ming gektar yerda dehqonchilik qilib, xalqimiz dasturxonining to‘kin-sochinligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda. Shulardan 1 ming 158 yosh fermer ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi maqomiga egadir.

– Yosh fermerlarni xorijiy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish va faoliyatiga joriy qilish maqsadida ularning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi O‘zbekiston yosh fermerlari kengashi raisi Soatmurod Qulmirzayev. – Zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, innovatsion ishlanmalarni o‘z faoliyatiga joriy etishda faollik ko‘rsatayotgan yoshlarimiz kelgusi yil hosili uchun boshoqli donni sifatli ekish, uni parvarishlash hamda yuqori hosil yetishtirishda peshqadam bo‘ladi, degan umiddamiz.

Yosh fermerlar erishgan yutuqlarni ommalashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, fermer bo‘lishni istagan yoshlarga ham xuquqiy, ham ma’naviy ko‘mak berish, uyushmagan yoshlarni ijtimoiy foydali ish bilan ta’minlash muhim vazifalardandir. Ana shu vazifalar yuzasidan qator loyihalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotir. Jumladan, tumanlarda tashkil qilinayotgan “Yosh fermerlar muloqot klubi” yosh fermerlarga huquqiy, iqtisodiy va agrotexnik ko‘mak beradi, o‘zaro tajriba almashishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Fermerlari kengashi bilan hamkorlikda “Fermer konsultant” maslahat markazlarini tashkil etish, «Yoshlar innovatsion rivojlanish yo‘lida” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar bo‘yicha agrar sohadagi yosh olimlar va fermerlar hamkorligi samarali yo‘lga qo‘yiladi.

970






Все о погоде - Pogoda.uz