Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2018 16:57 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Yaponiya: Munosib kadrlar tayyorlanadi

O‘zbekiston – Yaponiya: Munosib kadrlar tayyorlanadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida 14 avgust kuni O‘zbekiston bilan Yaponiya hukumatlari o‘rtasidagi “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS) loyihasining joriy yilgi stipendiatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov va boshqalar mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini zamon talablari darajasida tubdan takomillashtirish, istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning xorijdagi yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida malakasini oshirish borasida salmoqli ishlar qilinayotganini ta’kidladi.

2017 yil oktyabr – 2018 yil mart oylarida “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS) loyihasi doirasida Yaponiya oliy o‘quv yurtlarida magistraturada tahsil olish uchun 15 nafar yosh kadr saralandi. Ushbu stipendiatlarning Yaponiyaga jo‘nab ketishi oldidan tashkil etilgan tadbirda yoshlarning orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, jumladan, Yaponiya bilan bu borada istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

23.JPG

– Kunchiqar mamlakatda tahsil olish va energetika sohasida malaka oshirishni orzu qilib yurardim, – deydi Navoiy IES sex bo‘lim boshlig‘i Aslon Aslonov. – Shu maqsadda sohani yanada chuqur o‘rganishga ahd qildim. Ikki yil bilimimni oshirdim. Maqsadim, kelgusida o‘zim ishlayotgan Navoiy IESda tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha faoliyat yuritish.

“Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS) loyihasi 1999 yildan buyon rivojlanayotgan mamlakatlarda professional kadrlarni tayyorlash maqsadida tatbiq etib kelinmoqda. Hozirga qadar 12 mamlakat doirasida malakali mutaxassislar yetishtirish va ularni davlat boshqaruviga tayyorlash borasida hamkorlik ishlari amalga oshirilgan. O‘tgan davr mobaynida o‘zbekistonlik 310 yosh loyiha doirasida bilim va malaka oshirdi.

Joriy yilda ham magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha iqtisod infratuzilmalarini takomillashtirish, biznes sohasi, qonunchilik tizimi, sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishlarida tanlab olingan 15 nafar bo‘lg‘usi stipendiat Yaponiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish va malaka oshirish huquqini qo‘lga kiritdi. Ular 2 yillik muvaffaqiyatli ta’lim jarayonlaridan so‘ng erishgan tajriba va bilimlarini mamlakatimizning turli vazirlik va idoralarida qo‘llab, ushbu sohalarni rivojlantirish va O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Dilobar Mamatova, Temur Mamadaminov (surat) O‘zA
1 946