O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:02 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Yaponiya: asosiy maqsad malakali kadrlar tayyorlash

O‘zbekiston – Yaponiya: asosiy maqsad malakali kadrlar tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligida 10 avgust kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) delegatsiyaci bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Inom Majidov va JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Muneo Takasaka ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” loyihasini muhokama qildi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda kadrlar salohiyatini oshirish va bo‘lajak davlat xizmatchilari uchun Yaponiyaning ilg‘or oliy o‘quv yurtlarida magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olish imkoniyatini yaratishdan iborat ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvda Muneo Takasaka magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha iqtisod infratuzilmalarini takomillashtirish, biznes sohasi, qonunchilik tizimi, sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishlarida tanlab olingan nomzodlar 2019-2022 yillarda Yaponiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlariga jo‘natilishi va ularning ta’lim olish jarayonlari borasida ma’lumot berdi.

Ushbu loyiha 1999 yildan buyon rivojlanayotgan davlatlarda bo‘lajak rahbarlarni tayyorlash maqsadida amalga oshirib kelinmoqda. Hozirga qadar 12 mamlakat doirasida malakali kadrlar yetishtirish va ularni davlat boshqaruviga tayyorlash borasida hamkorlik ishlari amalga oshirilgan. O‘tgan davr mobaynida o‘zbekistonlik 310 yosh kadr bu imkoniyatni qo‘lga kiritgan.

Uchrashuv so‘nggida O‘zbekiston hukumati bilan JICA o‘rtasida 262 million iyen (2,3 million AQSH dollariga teng) miqdoridagi grant bitimi imzolandi.

Dilobar Mamatova, O‘zA
2 827