O‘zA O`zbek

12.07.2019 14:01 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari

O‘zbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari

Muxbirimizning “O‘zbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari” deb nomlangan turkum maqolalarini berishda davom etamiz. Bugun diqqatingizga “Orol dengizi suvi qaerga ketdi?” deb nomlangan maqolaning 3 qismini havola etmoqdamiz.

Orol dengizi suvi qaerga ketdi?

Sug‘orishda qo‘llanadigan, ichimlik suv bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatni jahonda ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Buyuk Britaniyaning Lid universiteti olimlarining o‘tkazgan izlanishlari shuni ko‘rsatdiki, Antarktidadagi muzliklar qatlamining ayrim joylardagi muzlari erib, ularning qalinligi (qatlami) 122 metrgacha ingichkalashgan. Mutaxassis bo‘lmaganligimiz sababli buni sharh qilishga ojizmiz. Lekin bu tabiat tomonidan berilgan juda jiddiy ogohlantirish, bo‘lsa kerak degan xayolga borasan kishi. Buning evaziga dengiz, okeanlar sathi 4,6 millimetrga ko‘tarilgan. Millimetr ekan deb bamaylixotir bo‘lmang, yer yuzining uchdan ikki qismi suv bilan qoplangan. Keyin bu suvlar ichib ham, sug‘orib ham bo‘lmaydigan dengiz va ummonlarning o‘ta sho‘r suvlaridir. Ilgari bug‘ bo‘lib, yomg‘ir, qor va muz holidagi bu qimmatbaho ne’mat ham inson faoliyati natijasida tarkibida yad-ximikatlari bo‘lgan taxir, sho‘r suvga aylanmoqda. Bu global o‘zgarishlar nafaqat biron bir qit’ada balki butun dunyoda sug‘oriladigan va albatta, ichimlik chuchuk suv tanqisligiga olib keladi.

Yaqinda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasida 2019 yildagi suv resurslarining holati bo‘yicha BMT Umumjahon dokladining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda qayd qilinishicha, aholi nochor ahvolining, kambag‘allikning asosiy sabablaridan biri bu – zaxiralari chegaralangan, har bir tomchisi gavharga teng bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi suv resurslaridan oqilona va unumli foydalanmaslikda, deb ta’kidlanadi.

Sanoat rivojlanib, ekin va bog‘ maydonlari kengayib, aholi ko‘payib borayotgan bugungi kunda buning faqat bitta yo‘li bor. U ham bo‘lsa suvdan tejab foydalanishdir.

Sug‘orishning ilg‘or, zamonaviy usullari bo‘lgan – tomchilatib sug‘orish, uning membranali usulini keng qo‘llash, yomg‘irlatish tizimlarini ommaviy suratda joriy etish va suvni ekilgan har bir ko‘chatning ildiziga yetkazib berishdan iboratdir. Keling, yana raqam va misollarga murojaat qilaylik. Ma’lumotlarga ko‘ra, yomg‘irlatib sug‘orish tizimi orqali “AGROVER” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2018 yilda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani bilan Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida 350 gektar maydonda kartoshka yetishtirish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishgan. Sarflangan suvning asosiy qismi ko‘chatning o‘sishiga, uning hosil to‘planishiga qaratib yo‘naltirildi.

...Millionlab yangi yerlar o‘zlashtirildi. Bir yarim milliardli Xitoy oziq-ovqat mustaqilligiga erishdi. Chorvachilik mahsulotlarini eksport qila boshladi. Bekor oqib yotgan suv inson izmiga bo‘ysundirilib, xalqqa xizmat qilishga yo‘naltirildi. Endi bahorda ekin maydonlariga xavf tug‘ilayotgani yo‘q. Mamlakatda muntazam suratda barqaror qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Aslida suvdan qiynalayotgan birgina O‘zbekiston emas, balki hududi, cho‘llari O‘rta Osiyoda eng keng, katta bo‘lgan Qozog‘iston, Qora qum vatani Turkmaniston, qo‘shnilarimiz Afg‘oniston, Pokiston, Xitoy ham jiddiy suv tanqisligiga duch kelmoqda.

photo5278695573823794162.jpg

Bizda Gang, Nil, Missuri, Missisipi, Dunay yoki Volga kabi qirg‘oqlari to‘lib-toshib oqadigan buyuk daryolar yo‘q. Chor-atrofdagi O‘rta Osiyoga yaqin bo‘lgan suvlardan faqat Qozog‘iston shimolidagi Sibir daryolarining quyi oqimida suvlar bor. Suv bo‘lganda ham qanday suvlar deng. So‘nggi paytlarda jahon ommaviy axborot vositalarida Sibirdan Xitoyga olib boriladigan suv yo‘llari haqida ancha maqolalar chop etildi. Aytish lozim, bunday kanal qurilishi masalasi yangilik emas. Bundan bir necha yil muqaddam (2016 yili) Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan Aleksandr Tkachev Pekindagi muzokaralarida Xitoyning qurg‘oqchil rayonlariga o‘tkaziladigan suv yo‘li loyihasini muhokama qilishni taklif etgan edi. U paytda Oltoy o‘lkasidan Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayoniga 70 million kub metr suv tashlash haqida gap borgan edi. Rossiyaning bu hududida bahorda qor erigan va daryolar to‘lib toshganda ana shuncha ortiqcha suv hosil bo‘lib chor-atrofga zarar yetkazilayotgani ta’kidlangan edi.

Shu yerda bir gapni aytish lozimki, Sibir daryolari oqovasini Markaziy Osiyo mamlakatlariga keltirish yuzasidan o‘tgan asrning 70-80 yillarida Rossiya – Markaziy Osiyo mashina kanalining loyiha-qidiruv ishlari tugallanib sun’iy kanallar qurilishiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan edi.

“... Ob daryosi qadimda hozirgidan boshqa tomonga qaragan o‘zani bo‘yicha oqar edi. Bu daryo o‘z suvlarini Orol dengizi havzasiga borib quyardi. Biz loyiha variantlariga aralashmagan holda shuni ta’kidlamoqchi edikki, Ob daryosini tarixiy o‘zaniga qaytarish uchun daryoning quyi qismiga bitta katta to‘g‘on qurish lozim va oqova yangi qurilgan ulkan suv omboridan tepa kanal bo‘ylab O‘rta Osiyo tomonga qarab oqaveradi”*.

E’tibor bering, “Bu daryo (Ob daryosi- I.A.) o‘z suvlarini Orol dengizi havzasiga borib quyardi”. Bu tarixiy haqiqat. O‘zbekistonga chorak asr boshchilik qilgan yirik davlat va jamoat arbobi, ko‘p gaplardan xabari bo‘lgan sobiq ittifoq rahbarlaridan, yozuvchi, jurnalist, publitsist Sharof Rashidov tomonidan o‘sha haqiqatni tiklashga qaratib aytilgan va ilmiy-nazariy asoslangan bu jiddiy taklif shu paytda namoyish etilgan (Moskvada chop etilgan – I.A.) katta jasorat ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish lozimdir. * Sharaf Rashidov. Izbrannыe proizvedeniya. Tom 5. Moskva. 1980 god.

Daryolarning o‘zanini o‘zgartirib turishi kamyob tabiiy hodisalar sirasiga kiradi. O‘rta Osiyoning eng buyuk daryolaridan Amudaryo ham qadimda Kaspiy dengiziga borib quyilgan. Yer kurrasining aylanishi va Ob daryosi o‘zanini o‘zgartirishi sababli tabiatning o‘zi bu asov daryoni Kaspiy dengiziga emas, balki Orol dengiziga quyadigan qilgan edi.

Ha, Sibir daryolarining quyi oqovasidagi suvlarning bir qismini suvdan qaqrab yotgan O‘rta Osiyo davlatlariga tashlash muammosi Sharof Rashidov, Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi, akademik Dinmuhammad Qo‘naevlar tomonidan o‘tgan asr o‘rtalarida ko‘tarilgan edi. Hozir Sibir daryolarida ortiqcha bo‘lgan, bahor, yoz oylarida yeru ko‘kni bosib katta talafot keltiradigan bu suvlarni Xitoyga, Sinszyan avtonom rayoniga tashlanishi haqidagi yangi ishlab chiqilgan loyihalar muammoning hamon mavjudligi, uning o‘tkirligidan dalolat beradi.

– Matbuotda bu masalada fikr-mulohazalaru savol-javoblar, taklif va raddiyalar ham uchrab turibdi. Bizni avvalambor, suv bilan o‘zimizning aholimiz qanchalik ta’minlangani masalasi qiziqtiradi va suv sohasidagi siyosatimizni ana shunga qarab yuritamiz, – deydi Rossiya Federatsiyasi tabiat ishlari bo‘yicha vaziri Sergey Donskoy.

photo5278695573823794163.jpg

Sobiq ittifoq rahbarlari O‘rta Osiyo respublikalariga Sibir daryolarining quyi oqovasidagi suvlarning bir qismini berishga rozi bo‘lmadi. Masala esa hamon muammoligicha qolmoqda. Boz ustiga Sibir daryolari suviga xaridorlar ham tobora ko‘payib borayapti. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan tinchlik, qardoshlik, osoyishtalik baxsh etuvchi xalqlar do‘stligi siyosati, o‘rniga kelgan milliy manfaatlarni ko‘zlash siyosati o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. O‘ylanib qolasan kishi, biz o‘z osoyishtaligimizni o‘ylab dunyo, jahon osoyishtaligini yoddan chiqarib yubormayapmizmikan? Keyin, dunyo osoyishtaligi bizning osoyishtaligimizning tarkibiy qismi, uning asosi emasmi, degan fikr ham keladi yodingga.

Sharqda ne baxtki, asrlar mobaynida hukm surgan qo‘ni-qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hashar, bag‘rikenglik munosabatlari ancha saqlanib qolgan, desa bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, o‘zi suv taqchilligidan qiynalayotgan Xitoy suv muammosini yechishda alohida bir bag‘rikenglik qilib qo‘shni davlatlarga, dunyoga ham deyavering, yordam qo‘lini cho‘zmoqda. Suv xo‘jaligi sohasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan O‘zbekiston o‘rtasida katta o‘zaro hamkorlik dasturi tasdiqlangan. 2017 yilning may oyida XXR rahbariyati O‘zbekistonga irrigatsiya va gidroenergetika loyihalari uchun ko‘pmilliardli kredit ajratdi. 2017 yil quvvati 400 megavatt bo‘lgan Pskem GESi qurilishiga XXR Eksim-banki tomonidan mablag‘ ajratildi, 2018 yilda esa bu bank Shahrixon GESi kaskadi, Tashkent GESi kaskadi va Quyi-Bo‘zsuv GESlari modernizatsiyasiga 63 million AQSh dollari ajratdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy xalqlarining tabiatiga oid bir xosiyatli xislat, fazilat borki, uni butun dunyo yakdillik bilan e’tirof etadi.

1939 yil Fashistlar Germaniyasi g‘arbdagi davlatlarni bosib ola boshladi. Ikkinchi jahon urushi arafasi... Voqealarning rivoji nima bilan tugashi hali hech kimga ma’lum emas. Mabodo urush boshlanib ketsa jangchilar uchun katta miqdorda kiyim-kechak, paypoq o‘rnida ishlatiladigan paytava, yaradorlar uchun bint, paxta kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, paxta lintidan yaxshigina portlovchi moddalar tayyorlanadi. O‘zbekistonning shu paytda yetishtirayotgan paxta hosili bunday ehtiyojlarni qoplay olmaydi. Nima qilish kerak?

Shunda xalqimiz paxta ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun chor-atrofdan suv olib kelib, yangi yerlarni o‘zlashtirish zarur, paxta yetishtirishni keskin ko‘paytirish lozim, dedi. Keyingi sodir bo‘lgan voqealar – o‘zbekistonlik quruvchilar, dehqonlar, xalq namoyish etgan tadbirkorlik, mardlik, jasorat dunyoni hayratga soldi. Shunda xalqimiz sekundiga 180 kub metr suv oqadigan, uzunligi 345 kilometr bo‘lgan Katta Farg‘ona kanalini 45 kunda qurib bitkazdi. Va sharqirab suvi oqayotgan bu yirik suv inshootini foydalanishga topshirdi. Uzunligi va hajmi bo‘yicha O‘rta Osiyodagi bu yirik ko‘m-ko‘k suv yo‘lini o‘zbekistonlik kosmonavt Vladimir Jonibekov kosmosdan turib tasvirga tushirib jahonga namoyish etgan edi. Katta Farg‘ona kanali qurib, bitkazilganligiga mana 75 yilga yaqinlashapti-yu, lekin ota-boblarimizning bu fidokorona mehnati, jasorati haqida hamon qalb titrog‘isiz eslab bo‘lmaydi. Ikkinchi jahon urushi boshlandi. O‘zbekistondan ittifoq to‘qimachilik kombinatlariga ming-ming tonnalab, vagon-vagon paxta yetkazib berildi. Shu yillari Markaziy Farg‘ona yerlarida yetishtirilgan paxta hosili urushda qatnashgan barcha sovet jangchilari qatori, bir yarim milliondan ortiq o‘zbek pahlavonlarining dardiga ham malham bo‘ldi.

Chjuszyan daryosi Janubiy Xitoyda to‘lib-toshib oqadigan eng sersuv daryolardan biridir. Uning uzunligi 2 ming 200 kilometr. Xitoyda tabiiy daryolardan tashqari yana 5 ta: Xayxe, Xuanxe, Xuayxe, Yanszы va syantanszyan suv havzalarini bir biri bilan ulaydigan uzunligi, kengligi, suv o‘tkazish imkoniyati bo‘yicha ayrim daryolardan ham katta bo‘lgan, kemalar qatnaydigan mamlakatdagi yirik suv arteriyasi – Buyuk Xitoy kanali mavjuddir. Kanal qurilishi, kishini hayratga soladi, u eramizdan avvalgi VI asrda boshlanib, eramizning XSh asriga qadar, bu demak, 2 ming yil mobaynida barpo etilgan. Orzu, niyat, unga bo‘lgan qat’iy intilish bilan bir qatorda suvga bo‘lgan katta ehtiyojni qarangki, 20 asr osha, podshohlar, avlodlar, iqtisodiy-ijtimoiy tuzumlar o‘tgan bo‘lsa ham, bir narsani maqsad qilib qo‘ygan xalq va davlat uni oxiriga yetkazgan, kanal qurilib, mana hozir 7-8 asrdan buyon xalqqa xizmat qilmoqda.

Biz 45 kunda qurdik Katta Farg‘ona kanalini, Xitoyliklar Buyuk Xitoy kanalini, aql bovar qilmaydigan 2 ming yilda oxiriga yetkazib foydalanishga topshirdi. To‘g‘ri, Katta Farg‘ona kanali bilan Buyuk Xitoy kanallarining samarasi, hajmi, ko‘lamini solishtirish qiyin. Biri 345 kilometrdan suv olib kelib Farg‘ona vodiysini jannatga aylantirayapti, ikkinchisi ham “sahroi Kabir”dan suv o‘tkazib, mintaqa iqlimini o‘zgartirib, ming-ming yo‘lovchilarni kemalarda tashimoqda, aholisi dunyoda eng ko‘p bo‘lgan mamlakatning joniga oro kirmoqda. Ha, suv bizga bugun qanchalik kerak bo‘lsa, keyingi avlod-ajdodlarimizga ham shunchalik zarur bo‘ladi. Hayot suv bor yerda bor, deb bekor aytilmagan. Shuning uchun ham koinotni o‘rganayotgan olimlaru fazogirlar o‘z tadqiqotlarini inson qadam qo‘ymagan sayyoralarda avvalambor suv bormi, yo‘qmi degan masalaga qaratadi.

Bu misollarda men o‘zbek va xitoy xalqlarining tabiatida bo‘lgan ajoyib o‘xshashlikni, mushtarak xislatlarni ko‘rdim. Yuz, ming yillab vaqt o‘tsa ham, shohu sultonlar kelib ketib, ijtimoiy siyosiy tuzumlar o‘zgarsa ham asl millatning fe’l-atvor, qadriyatlari saqlanib qolar ekan. Bu ikki voqeaning bittasida, biz xalqning maqsadga qarab qattiq intilishini, 45 kunda uch yuz qirq kilometrdan uzun bo‘lgan (Ginnes kitobiga kirgan) kanal qurishini ko‘rgan bo‘lsak, ikkinchisida izchillik, sabr qanoat, ikki ming yil o‘tsa ham xalqning ko‘zlangan marrasiga qarab qattiq intilishini va pirovardida albatta maqsadga erishishini ko‘rdik.

Xitoy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, muhimi, Buyuk Xitoy kanali suv toshqinlari, yer eroziyasi, sellar kabi tabiat ofatlarining ham oldini oldi. Shu suv havzalarida bo‘lgan asov daryolarning to‘s-to‘polon bilan oqadigan suvi endi inson izmiga bo‘ysinib boshqarila boshlandi. U xalq xizmatiga yo‘naltirildi.

Siz muxbirimizning “O‘zbekiston – Xitoy va jahonda suv tanqisligi muammolari” deb nomlangan turkum maqolalarining uchinchi qismi bilan tanishdingiz. “Ob’ daryosi qadimda Orol dengiziga kelib quyilar edi?” deb nomlangan maqolaning 4 qismi bilan ertaga tanishasiz.

Irismat ABDUXOLIQOV, O‘zA
527