O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Xitoy: parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston – Xitoy: parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 11-sentyabr kuni XXR Xalq vakillari Butunxitoy majlisi qishloq xoʻjaligi va qishloqlarda ishlash qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Li Chunshen boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari parlamentlararo hamkorlik yoʻnalishida ham mustahkamlanib bormoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakillari bir necha bor Chin mamlakatida oʻtgan xalqaro forumlarda ishtirok etdi. Oʻz navbatida, Xitoy parlamenti vakillarining yurtimizga tashrifi ham muntazamlik kasb etgan.

2018-yilda Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi savdo aylanmasi 6 milliard 400 million dollarni tashkil etdi va bu koʻrsatkich avvalgi yilga nisbatan 5 foiz koʻp. Joriy yilning shu davriga qadar mahsulot ayirboshlash hajmi 4 milliard dollardan oshdi. 2020-yilda bu boradagi koʻrsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasida oʻtkazilgan muloqotda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligiga Xitoyning ilgʻor tajribasini joriy etish orqali iqtisodiyotimizni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda mehmonlarga parlament quyi palatasi faoliyati, qonunchilik sohasidagi yangiliklar toʻgʻrisida axborot berildi. Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan keng koʻlamli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, davlat va hududiy dasturlar hamda ularning samaradorligi xususida soʻz yuritildi.

Li Chunshen Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotganini taʼkidladi.

Mamlakatimizda davlat boshqaruvi sohasini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, ochiq va doʻstona tashqi siyosat olib borish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangani eʼtirof etildi.

Suhbat chogʻida parlamentlararo aloqalarni yanada yaxshilash, agrar sohadagi qonun ijodkorligida erishilgan yutuqlar hamda qishloq xoʻjaligida amaliyotga joriy etilayotgan ilgʻor tajribalarni ommalashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Xitoy delegatsiyasi aʼzolari shu kuni Oʻzbekiston Kishloq xoʻjaligi va Innovatsion rivojlanish vazirliklarida ham uchrashuvlar oʻtkazdi.

993
Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA