O‘zA O`zbek

03.08.2018 09:40 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Xitoy: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi SHHT Yoshlar kengashiga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilindi!

O‘zbekiston – Xitoy: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi SHHT Yoshlar kengashiga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilindi!
22-iyul. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasining Xitoy Xalq Recpublikasiga tashrifi yakunlandi. Tabiiyki, natijalar ko‘pchilikni qiziqtiradi...

Avvalo, Prezidentimizning SHHT davlat rahbarlarining yoshlarga yo‘llagan Qo‘shma murojaati haqida. Ushbu murojaat SHHT Yoshlar kengashi loyihasi doirasida 13 davlatdan tashrif buyurgan delegatsiyalar tomonidan alohida e’tirof etildi. Unga javoban SHHT Yoshlar kengashining bayonoti qabul qilindi. Mazkur bayonotda ishtirokchi-a’zo davlatlar yoshlari tomonidan Qo‘shma murojaatda nazarda tutilgan barcha masalalarda yagona muloqot muhitini yo‘lga qo‘yish, yoshlar siyosati sohasida samarali hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mintaqada yoshlar o‘rtasidagi terrorizm, ekstremizm, separatizm singari illatlarni oldini olish singari xalqaro loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Ushbu maqsadda, Yoshlar kengashining 2018-2019-yilga mo‘ljallangan Ish rejasi qabul qilinib, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan 6 xalqaro ahamiyatga ega loyiha tashabbusi ilgari surildi. Yoshlar kengashining milliy bo‘linmalari tomonidan muntazam ravishda (har uch oyda) tashkillashtiriladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida biznes va tadbirkorlik, turizm, milliy-madaniy qadriyatlarni ommalashtirish, san’at festivallari, yosh kinematograflar faoliyatiga oid qo‘shma loyihalarga alohida ahamiyat qaratildi.

8ab0ccdf-cbc1-4be8-80b3-9738dc730eff.jpg

“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida Umumxitoy yoshlar federatsiyasi ko‘magida samarali faoliyat yuritayotgan 25 nafar biznes vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, O‘zbekistonning barcha hududlarida yoshlar bog‘lari barpo etish hamda har bir tuman-shaharlarda 3 D va 5 D kinoteatrlar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Fantawild Adventures” kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi. Yoshlar ittifoqi qoshidagi har bir Yoshlar markazlarining faollar zallarida “Yoshlar kinoteatrlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, filmlar namoyishidan avval yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan 3-7 daqiqalik qisqa metrajli va hujjatli filmlar namoyish etiladi.

Shuningdek, elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha “National level E-commerce Enterprise” kompaniyasi, yosh tadbirkorlar uchun biznes o‘quv kurslarini tashkil qilish hamda kovorking markazlari milliy brendini yaratish bo‘yicha Xitoy yoshlar markazining “Dunyo yoshlari rivojlanish Forumi” tashkiloti bilan ham dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Mazkur kelishuvlar doirasida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari davomida Xitoyning 100 dan ortiq, Rossiyaning 40 nafar biznes vakillarini O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha yo‘l xaritasi tuzildi. Shu tarzda, Yoshlar kengashining milliy qismlari o‘zaro hamkorlikda biznes-inkubatorlar va yosh ishbilarmonlar uchun yangi hamkorlik almashinuvlarini yo‘lga qo‘yib, barqaror daromadli yosh tadbirkorlar qatlamini voyaga yetkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonga strategik sherik bo‘lgan davlatlar yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama muloqotlar amalga oshirildi.

Jumladan, Umumxitoy yoshlar federatsiyasi raisi Xe Jun Ke bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Hamkorlikning amaliy asosi sifatida anglashuv memorandumi imzolash masalalari muhokama qilindi. Belarus yoshlar ittifoqi bilan ikki tomonlama rasmiy uchrashuv tashkil etilib, o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi. Hamkorlik doirasida o‘zaro ko‘ngilli yoshlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yoshlar turizmini rivojlantirish hamda yosh fermerlar uchun ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston va Ozarbayjon Respublikalari vakillari bilan ham rasmiy uchrashuvlar tashkil etilib, o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama etildi. SHHT Yoshlar kengashining III oromgohi doirasida 13 davlatdan tashrif buyurgan 200 ga yaqin yoshlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida tashkil etilgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasida ushbu davlatga o‘qiyotgan va ishlayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv tashkil etilib, ular tomonidan kelajakda yurtimizga qaytib egallagan ilg‘or tajribalari asosida faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi.

Xitoydagi yoshlarimizga O‘zbekistonda yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilayotgan so‘nggi islohotlar xususida batafsil ma’lumotlar berilib, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari A.Sa’dullayev tomonidan taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Xitoydagi vakili va koordinatori saylandi. Eng muhimi esa, Umumxitoy yoshlar federatsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan SHHT Yoshlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi SHHT Yoshlar kengashiga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilindi.

Gulchehra Ashurova, O‘zA
3 149