O‘zA O`zbek

22.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Xitoy: neft va gaz sohasida loyihalarni amalga oshiradi

Oʻzbekiston – Xitoy: neft va gaz sohasida loyihalarni amalga oshiradi

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Xitoyning Ipak yoʻli jamgʻarmasi prezidenti, janob Van Yanchji boshchiligidagi delegatsiya bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv oʻzaro hamkorlikning bugungi va istiqbolda rivojlantirish masalalariga bagʻishlandi.

Unda tomonlar investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni tashkil etish boʻyicha takliflarni birgalikda tayyorlash va energetika sanoatining barcha sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalasi haqida ham soʻz yuritdi.

Ushbu jamgʻarma Xitoyda oʻz nufuziga ega boʻlib, u infratuzilma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va savdo hamkorligini rivojlantirishga koʻmak beradigan investitsiya fondi hisoblanadi. Uning umumiy kapitali taxminan 40 milliard dollardir.

Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning iyul oyida “Oʻzbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyati va Xitoy tomoni hamkorlikda neft va gaz sohasidagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida ekvivalent miqdori 585 million dollarga teng boʻlgan kredit shartnomasi imzolangan edi.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni kelgusida amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

657
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA