Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.07.2018 15:57 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Xalqaro iste’molchilar tashkilotiga a’zo bo‘ldi

O‘zbekiston Xalqaro iste’molchilar tashkilotiga a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqovning nomzodi Xalqaro iste’molchilar tashkilotining (Consumers International – Si-Ay) Boshqaruv Kengashi a’zoligiga ilgari surildi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligidagi delegatsiya 11-iyul kuni Xalqaro iste’molchilar tashkilotining (Consumers International – Si-Ay) London shahridagi global ofisiga tashrif buyurdi.

Tashkilot bosh direktori Amanda Long J.Sarimsoqovga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ushbu xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lganini tasdiqlovchi sertifikatni topshirdi. U federatsiyani xalqaro tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lgani bilan qutlar ekan, Si-Ay bilan federatsiyasining ikki tomonlama va mintaqaviy loyihalar doirasida hamkorligiga muvaffaqiyat tiladi.

photo_2018-07-12_13-46-53 (4).jpg

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Si-Ayning Iste’molchilar huquqlarini targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha direktori Jastin Mak Millan hamda Strategik rivojlanish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha direktori Fillipa Hant bilan muzokara o‘tkazdi.

Dastlab, federatsiya haqidagi videorolik namoyish etildi. So‘ng Federatsiya raisi J.Sarimsoqov oxirgi yillarda O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, nodavlat tashkilotlari faoliyatiga ko‘maklashish, davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zlab berdi.

F.Hant xonim Si-Ayda global miqyosda iste’molchilar haqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar, bu borada unga a’zo iste’molchilar tashkilotlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik prinsiplari va yo‘nalishlari xususida so‘zlab berdi.

photo_2018-07-12_13-28-09.png

Uchrashuv chog‘ida tomonlar Si-Ay bilan federatsiya o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga oid masalalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqovning nomzodi Xalqaro iste’molchilar tashkilotining (Consumers International – Si-Ay) Boshqaruv Kengashi a’zoligiga ilgari surildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati

O‘zA
2 635