Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 18:32 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhrat xotirlandi

20.JPG

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shuhrat adabiyotimiz solnomasini o‘zining she’riy, nasriy va drama janridagi asarlari bilan boyitgan atoqli ijodkor edi. Uning “Chaqnayver, quyosh!”, “Baxtning rangi”, “Sening sevging”, “Ishqingda yonib...”, “To‘maris”, “Jannat qidirganlar”, “Oltin zanglamas”, “Shinelli yillar” kabi kitoblari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Shuhratning 100 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda adibning ijod va hayot yo‘li bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi.

22.JPG

Uyushma raisi S.Sayyid, akademik N.Karimov, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi I.G‘afurov va boshqalar atoqli adib Shuhratning xalqimiz jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, qiyinchiliklarga bardoshi, kelajakka umid uyg‘otuvchi asarlari kitobsevarlar va navqiron avlodning ma’naviyatini yuksaltirishda muhim adabiy va ma’naviy boylik bo‘lib xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Shuhrat (G‘ulom Alimov) 1918-yil 19-aprelda Toshkentning Hazrati Imom (Hastimom) mahallasida tug‘ilgan. U eski va yangi maktablarda tahsil olgach, avval texnikum, keyin esa institutda tahsil olgan. 1940-yili chop etilgan “Orzu va qalb”, “Mehrol” dostonlari yosh qalam sohibining ilk kitoblari edi. O‘sha yili harbiy xizmatga chaqirilgan Shuhrat Ikkinchi jahon urushi janglarida ofitser sifatida xizmat qilib, ona Vatanimizni mardonovar himoya qildi. Shundan bo‘lsa kerakki, keyinchalik janggohlarda va qatag‘onning mudhish voqealari Shuhrat xotirasining og‘riqli nuqtalari sifatida qalamga ko‘chdi. Dardli misralardan, badiiy detallarga va undan obrazlarga o‘tgan bu og‘riqlar adib ijodining asosiy mavzulariga aylangan edi.

21.JPG

– Bugun ustoz Shuhrat xotirasini yod olish men uchun faxrli va sharaflidir, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Chunki mening she’riyat olamiga kirib kelishimda u kishining xizmati beqiyos. Maktabda o‘qib yurgan paytimda she’rlar mashq qilib turardim. Ulardan bir nechtasini Yozuvchilar uyushmasiga yuborgan edim. Bir kuni uyushmadan menga xat keldi. Xatda she’rlarim haqida maslahatlar berilgan. Ma’qul bo‘lgan bo‘lsa kerakki, unda yozilgan “Agar yo‘lingiz Toshkentga tushsa, bizga bir kiring” degan iliq gaplar sabab maktabimizda katta bayram bo‘lib ketgan edi. O‘qituvchilarimning xursand bo‘lganini aytmaysizmi?! Xatni ustoz Shuhrat yozgandi. Men uchun qadrli va unutilmas xotiraga aylangan voqeani eslaganimdan maqsad shuki, ustoz Shuhrat yosh ijodkorlarga hamisha mehribon va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Qo‘lidan kelgan yordamini ayamagan.

– Ochig‘i, el sevgan ijodkorning farzandi bo‘lish o‘ta mas’uliyatli, – dedi adib farzandi B.Alimov. – Otamiz sabab oilamiz bilan adabiyotga oshno bo‘lib, kitob o‘qishga, ijodning zalvori va sharafini his etib ulg‘aydik. Bugun xotira kechasida ularning hayoti va ijodi haqida iliq fikrlar eshitib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Garchi, otamiz shu ijodning orqasidan qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan bo‘lsa-da, mazmunli va barakali ijod qilib o‘z o‘quvchisiga ega bo‘ldi. Ularning xizmatlari davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” degan sharafli unvon, vafotidan keyin “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Biz, farzandlari otamizga ko‘rsatilgan bunday ehtirom uchun xalqimiz va hukumatimizdan minnatdormiz.

Tadbir doirasida adib kitoblari, uning hayoti va ijodini aks ettiruvchi fotosuratlar ham namoyish etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
1 709