O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Vengriya bilan chorvachilik va veterinariya sohalarida hamkorlik qiladi

Oʻzbekiston Vengriya bilan chorvachilik va veterinariya sohalarida hamkorlik qiladi

Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi. Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Oʻzbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Vengriya agrar, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish palatasi hamda Vengriya chorvadorlar uyushmasi vakillari oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda doʻstona munosabatlarni kengaytirish, xususan, veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali mamlakatlarimiz iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qoʻshish, bu boradagi oʻzaro saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Vengriyani chorvachilik va veterinariya sohalarini rivojlantirishda hamkorlardan biri sifatida koʻradi. Faqat 2017-2018-yillarda Vengriyadan Oʻzbekistonga 2 ming 400 bosh qoramol olib kelindi.

2019-yil iyun oyida Toshkentda Vengriya chorvadorlar uyushmasi raisi doktor Vagenxofer Zombor rahbarligi hamda “Hunland”, “Babolna-Tetra”, “Agrofeed” va “Hevesgep” kabi yirik vengr kompaniyalari ishtirokida Oʻzbekiston – Vengriya chorvadorlari forumi oʻtkazildi.

Oʻzaro munosabatlarning asosiy yoʻnalishlari belgilab olingan ushbu anjuman mamlakatlarimiz oʻrtasida ayni sohalardagi hamkorlik istiqbolli ekanini yaqqol namoyon etdi. Masalan, ayni paytda “Hunland” kompaniyasi bilan yirik shoxli qoramol parvarishlash, “Hunbas Kft” kompaniyasi bilan chorva chiqindilarini yigʻish va qayta ishlash boʻyicha qoʻshma loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Muloqot soʻnggida tomonlar Chorvachilikni rivojlantirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimni imzoladi. Mazkur bitim yirik shoxli qoramol yetishtirish, parrandachilik, baliqchilik va chorva hayvonlari mahsulotlarini qayta ishlashda yangi texnologiyalarni jalb etish orqali investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, tabiiy sharoitlarda yerda va suvda yashovchi jonivorlardan oqilona foydalanish boʻyicha tadqiqotlar olib borish, tomonlarning ilmiy va davlat tashkilotlari oʻrtasida sohaviy statistik, texnik va ilmiy maʼlumotlar almashish, chorvachilik va baliqchilik xoʻjaliklarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar malakasini oshirish, sohaga oid standartlarni muvofiqlashtirish yuzasidan maslahatlashuvlar tashkil etish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Vengriya oʻrtasida chorvachilik va veterinariya sohasidagi aloqalar jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Vengriya agrar, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish palatasi va Vengriya chorvadorlar uyushmasi oʻrtasida imzolangan uch tomonlama bitim amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyihalarni tezroq hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

867
Gʻayrat XONNAZAROV, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA