O‘zA O`zbek

12.07.2019 15:13 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Xitoy mutaxassislari karantin masalalarini muhokama qilishdi

O‘zbekiston va Xitoy mutaxassislari karantin masalalarini muhokama qilishdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi vakillari bilan Xitoy Xalq Respublikasining Bosh bojxona boshqarmasi vakillari o‘rtasida videomuloqot tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Xitoydagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqotda ikki mamlakat mutaxassislari o‘zaro tajriba almashish, sohaga oid o‘zgarishlar yuzasidan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.

Dunyodagi har bir mamlakatda karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish va chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, realizatsiya qilish yoki yo‘q qilishga doir talablar mavjud. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan fitosanitariya talablariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.

Videokonferensiyada O‘zbekiston Respublikasi “O‘zdavkarantin” inspeksiyasining Xalqaro aloqalar, investitsiyalar va innovatsion rivojlanish boshqarmasi xodimlari va hududiy karantin inspeksiyalari bosh agronomlari, mamlakatimizning Xitoydagi diplomatik vakolatxonasi xodimlari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi, Shanxay bojxona boshqarmasi bo‘lim boshliqlari, Guanchjou bojxona inspeksiyasi va karantin texnologiyasi markazi rahbari ishtirok etdi.

Virtual muloqot chog‘ida xitoylik mutaxassislar ichki va tashqi o‘simliklar karantini, karantin ostidagi mahsulotlar importini nazoratdan o‘tkazish jarayoni, zararli organizmlarga qarshi kurashish va bu boradagi innovatsion yondashuvlarga oid o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish, bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etishga kelishib olindi.

O‘zA
425