O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Turkiya energiya resurslari sohasida hamkorlik qilmoqchi

Oʻzbekiston va Turkiya energiya resurslari sohasida hamkorlik qilmoqchi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonovning Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri oʻrinbosari Mitxat Jansiz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi mazkur sohada hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Unda turk kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga ham eʼtibor qaratilar ekan, bunda yana energetika sohasida hamkorlik loyihalarini jadallashtirish boʻyicha takliflar hamda energiya obyektlari qurilishi, geologiya-qidiruv ishlari boʻyicha masalalar muhokamasiga keng urgʻu berildi.

Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda amalga oshirilishi istiqbolli boʻlgan loyihalar, shu jumladan, bugʻli-gazli qurilmalar, quyoshli va shamol elektr stansiyalari qurilishi kabi yoʻnalishlarda loyihalar ishlab chiqmoqda. Shu bois, ular quyosh elektr stansiyasi va shamol parkini qurish boʻyicha sinov loyihasini amalga oshirish, Oʻzbekistonda aralash turdagi elektr stansiyalari qurilishi loyihalariga katta qiziqish bildirayotir.

Shuningdek, tomonlar oʻrtasida Saritov, Xurob va Aydim-Yetimtov maydonlarida geologik oʻrganish va tajriba-sanoat usulida qazish ishlarini olib borish, Navoiy va Jizzax viloyatlarida volfram va oltinni topish boʻyicha istiqbolli konlarni aniqlash boʻyicha bitim imzolandi. Unga koʻra, Turkiya tomoni birinchi yili kamida 1,5 million dollar hajmida sarmoya kiritish boʻyicha moliyaviy majburiyatlarni oʻz zimmasiga oldi.

Uchrashuv chogʻida Turkiya delegatsiyasi oʻzaro hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolanishini ijobiy baholadi hamda aloqalarni kelgusida yanada kengaytirishga qiziqish bildirdi.

970
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA