O‘zA O`zbek

15.02.2018 12:31 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Turkiya aksilterror yo‘nalishdagi hamkorlikni mustahkamlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpolning Anqaradagi Milliy markaziy byurosi boshqarmasi bilan Suriya va Iroq davlatlarida terrorchilik guruhlari tomonida turib jang qilgan va jang qilib kelayotganlarning shaxsini aniqlash va qidirish borasida hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik tadbirlari bilan bog‘liq masalalar Interpolning Anqaradagi Milliy markaziy byurosi rahbari Lutfi Chichek boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida muhokama qilingan. Bu haqda IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xalqaro hamkorlik boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida barcha sohalar qatori dunyoda xavfsizlik va tinchlikni saqlashga qaratilgan huquq-tartibot sohasida ham mustahkam aloqalar va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatilgani alohida qayd etilgan.

Tadbirda xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi, odam savdosi kabi transmilliy jinoyatchilik ko‘rinishlarining tobora kengroq namoyon bo‘lib borayotgan bugungi kunda Turkiya va O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining birgalikdagi harakatini kuchaytirish, hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish zarurligi qayd etilgan.

“Jangovar harakatlar davom etib kelayotgan Suriya va Iroq davlatlarida olib borilgan muvaffaqiyatli maxsus amaliyotlar jarayonida jangarilarning ko‘p qismi yo‘q qilindi, ayrimlari qo‘lga olindi. Biroq hali-hanuz dunyoning turli davlatlarida yashirinib, yangi ekstremistik hujumlarga tayyorlashga urinayotganlar ham bor. Shuning uchun ularni izlab topish va qo‘lga olishda o‘zaro axborot almashish, aksilterror yo‘nalishda hamkorlikdagi tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish muhim ahamiyatga ega”, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda, shuningdek, hamkorlikning boshqa dolzarb masalalari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olingan.


6 397