Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarachilari hamkorligida maxsus-taktik dala oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi
Fargʻona viloyati chegara oldi hududlarida Oʻzbekiston Respublikasi DXX Chegara qoʻshinlari va Qirgʻiziston Respublikasi Chegara qoʻshinlari hamkorligida birinchi bor “Shit 2019” maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi.
Fargʻona viloyati chegara oldi hududlarida Oʻzbekiston Respublikasi DXX Chegara qoʻshinlari va Qirgʻiziston Respublikasi Chegara qoʻshinlari hamkorligida birinchi bor “Shit 2019” maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi.
Mashgʻulot avvalida har ikki davlat boʻlinma qoʻmondonlarining jangovar harakatlarni boshqarish va ular orasida tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar hamda koʻrsatmalar berildi. Shundan soʻng hamkorlikdagi maxsus taktik oʻquv mashgʻulotiga start berildi.
Ikki davlat chegarachilariga qoʻyilgan asosiy vazifa birgalikda bosqinni bartaraf etish hamda chegara buzgʻunchilarini hududga oʻrnashib olishlariga yoʻl qoʻymaslikdir. Shu maqsadda shay holatda boʻlgan jangovar guruhlar zamonaviy zirhli texnikalarda chegara naryadlariga yordamga kelishdi va shartli dushman ikki davlat chegara hududida toʻliq qurshovga olindi. Mashgʻulotga nafaqat quruqlik, balki havo kuchlari ham jalb etildi. Real vaziyatlarga tenglashtirilgan barcha harakatlar Oʻzbekiston hamda Qirgʻiziston Respublikalari chegara qoʻshinlari rahbarlari tomonidan diqqat bilan kuzatib borildi.
Ikki davlat chegarachilari hamkorligida jangovar chiqishlar tadbirlarga oʻziga xos koʻrk bagʻishladi. Bundan tashqari xizmat itlarining mahorati, xizmat otlari hamda chavondozlarning isteʼdodi namoyish etildi.
Mashgʻulot soʻngida tadbirda faol qatnashgan harbiy xizmatchilarga koʻkrak nishonlari va esdalik sovgʻalari topshirildi. Oʻzbekiston respublikasi DXX Chegara qoʻshinlari ashula va raqs ansamblining xushnavoz xonandalari tomonidan har ikki millat tilida kuy va qoʻshiqlar ijro etildi.
Qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi harbiy hamkorlik va doʻstona aloqalarni yanada yaxshilash Vatanimiz ostonasi daxlsizligi, sarhadlarimiz mustahkamligining kafolatidir.
E. Yadgarov