O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:10 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarda kelishuvlarga erishildi

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarda kelishuvlarga erishildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 26 iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya yaqinda Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib qaytdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Toshkentda brifing tashkil etildi.

O‘zbekiston va Koreya hamkorligi rivojlanmoqda. Yurtimizda ushbu mamlakat kapitali ishtirokida ko‘plab korxonalar faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxonalar neft-gaz, kimyo, avtosanoat, elektrotexnika va to‘qimachilik sohalarida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi hamda Koreya eksport-import banki mamlakatimizda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. “Samsung”, “LG” singari yirik korporatsiyalar yurtimizda qo‘shma korxonalar tashkil qilmoqda. Xususan, “Samsung-Electronics” kompaniyasi mahalliy “Artel” kompaniyasi bilan hamkorlikda maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarmoqda. Joriy yilda Koreyaning “Kiturami“ kompaniyasi bilan isitish qozonlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Jurnalistlarga Janubiy Koreyadagi yirik sanoat korxonalari va ularning vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot natijalari xususida ma’lumot berildi. Ta’kidlandiki, delegatsiya Koreyadagi yirik elektrotexnika sanoati korxonalari rahbarlari, investorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli kelishuvlar yuzasidan muzokaralar olib borgan. Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarda kelishuvlarga erishilgan. O‘z navbatida koreyalik ishbilarmonlar yurtimizda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator takliflarni bildirgan.

Delegatsiya a’zolari xizmat safari davomida onlayn rejimdagi elektr, gaz, issiq va sovuq suv hisoblagichlari ishlab chiqaruvchi “Dongho Cosmo” kompaniyasi va unga hamkor bo‘lgan boshqa sanoat korxonalariga tashrif buyurib, ikki tomonlama amaliy muzokaralar olib bordi. Dastavval, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishildi. “O‘zeltexsanoat“ AK, Andijon viloyati hokimiyati va “Dongho Cosmo” kompaniyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Shuningdek, kompaniya vakillari Koreya elektrotexnika sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasida ham bo‘lib, mamlakatimiz investitsiyaviy muhiti haqida ma’lumot berdi.

Tashrif doirasida Elektrotexnika mahsulotlari kooperatsiyasi (KЕMS) bilan muzokara olib borildi. Mazkur tashkilot tarkibida 540 elektrotexnika korxonasi mavjud. Ular tayyor mahsulotlar uchun yangi bozorlarni izlab topish, mahsulotlarni arzon narxlarda ishlab chiqarish uchun yuqori sifatli xomashyo va tarkibiy qismlarni ta’minlab berish bilan shug‘ullanadi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, jumladan, transport-logistika sohasida, yangi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar yaqin kelajakda yuksak samara berishiga ishonch bildirildi.

Delegatsiya a’zolari, shuningdek yozuv platalarini ishlab chiqaruvchi “Ki Joo Industrial Ltd” korxonasi, quyosh panellari ishlab chiqaruvchi “Hi Group” singari yirik sanoat korxonalari rahbarlari bilan qizg‘in muzokaralar olib bordi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 022