O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 15:06 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Koreya mutaxassislari davlat xizmatchilarini tayyorlash masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston va Koreya mutaxassislari davlat xizmatchilarini tayyorlash masalalarini muhokama qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillarining Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI) delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Mazkur uchrashuv 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va NHI oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv hamda hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumga muvofiq tashkil etildi.

Oʻzbekistonga tashrif doirasida Janubiy Koreyaning davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha asosiy oʻquv-taʼlim muassasasi tinglovchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa qator vazirlik hamda idoralar faoliyati bilan tanishish imkoniga ega boʻldi. Bu mamlakatlarimizda davlat xizmatchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonlik hamda koreyalik mutaxassislar oʻrtasida tajriba va amaliy tavsiyalar almashinuvi boʻlib oʻtgani tashrifning muhim natijalaridan biri boʻldi. Mehmonlar Oʻzbekistonda AKT sohasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, yuqori texnologik ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan AT-korxonalari va mutaxassislariga taqdim etilayotgan imtiyozlar va yengilliklar, “Elektron hukumat” tizimini joriy etishdagi natijalar bilan tanishtirildi.

Bu borada mamlakatimizda dasturchilarni tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Namuna sifatida ayni paytda AT-mutaxassislarini tayyorlash tizimi sifatini hamda talabalar va oʻqituvchilarning akademik harakatchanligini oshirishga qaratilgan koʻplab taʼlim loyihalari amalga oshirilayotgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti koʻrsatildi.

Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish milliy institutiga (NHI) 1949-yilda asos solingan boʻlib, Janubiy Koreyaning davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha asosiy oʻquv-taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Roman BONDARCHUK, OʻzA