O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Amerika to‘qimachilik sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va Amerika to‘qimachilik sohasida hamkorlik qiladi

Yaqinda Las Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan “Magic Las Vegas – 2019” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasining okean ortiga safari keng imkoniyatlar eshigini ochgani bilan e’tiborlidir.

Endi tayyor to‘qimachilik mahsulotlarimiz Amerikaga eksport qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat“ uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur nufuzli ko‘rgazma doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoat“ uyushmasi va “Mefoar Judaica” LLC (AQSh) kompaniyasi o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Amerika davlatiga 2019-2020 yillarda qiymati 1 million dollarga teng luks toifali tayyor to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib beradi. Bu jarayon “Melex Teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati orqali amalga oshiriladi.

AQShning “Mefoar Judaica” LLC kopmaniyasi 2003 yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. U Iudaika hashamat buyumlarini yetkazib berishda yetakchi distirbyuterdir.

Eslatib o‘tamiz, “Magic Las Vegas – 2019” xalqaro ko‘rgazmasi an’anaviy nufuzli tadbir sifatida dunyo bo‘yicha to‘qimachilik sohasi vakillarini bir maqsadga birlashtiradi. Uning bu galgi tadbirida butun dunyodan jahon moda industriyasiga xizmat ko‘rsatuvchi qariyb 100 ming (brend tutuvchilar, chakana savdo va ulgurji savdogarlar va boshqalar) ishtirokchi jamlandi.

150 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan ko‘rgazma pavilonlarida bir vaqtning o‘zida 12 ta ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma tashkil etildi.

2 406
Nasiba ZIYoDULLAEVA, O‘zA