O‘zA O`zbek

18.07.2019 20:17 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻz mahsulotlarini birgalikda namoyish etmoqda

Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻz mahsulotlarini birgalikda namoyish etmoqda

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida 16-18-iyul kunlari Oʻzbekiston va Afgʻoniston mahsulotlarining ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasi tashkil etildi.

Ushbu koʻrgazma ikki mamlakatning iqtisodiy va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishish, ishlab chiqarishning turli tarmoqlarida amalga oshirish mumkin boʻlgan qoʻshma loyihalar boʻyicha muloqotni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, xalqlarimizning boy madaniy merosini keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazildi.

Undagi kichik biznes, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, metallurgiya, qurilish kabi oʻnga yaqin boʻlimlarda Oʻzbekiston va Afgʻonistonning elektronika, yengil sanoat, transport, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari, yengil sanoat, mebelsozlik, hunarmandlik kabi tarmoqlarda erishgan yutuqlari namoyish etildi.

Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri A.Ahmadiy soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik har tomonlama rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Tadbir yaqinda Afgʻonistonning Mozori Sharif shahrida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston mahsulotlari koʻrgazmasi”ning mantiqiy davomi sifatida tashkil etildi. U qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbekistonga oid milliy stenddan mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz ekinlari, gilamdoʻzlik, kulollik, kashtachilik singari milliy hunarmandlik mahsulotlari, maishiy texnika vositalari oʻrin oldi. Afgʻonistonlik hamkorlar pavilyonlarida ushbu mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, 60 dan ziyod kichik biznes subyekti vakillari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Koʻrgazma kunlari mamlakatimiz ishbilarmon doiralari afgʻonistonlik tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlikka oid qator muzokaralar oʻtkazdi, istiqbolli sheriklik boʻyicha foydali kelishuvlarga erishdi.

Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA
1 199