O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston uchun fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya

Oʻzbekiston uchun fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya

2020-yil 12-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi uchun fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi MDH Konvensiyasi (Kishinyov shahri, 2002-yil 7-oktyabr) kuchga kirdi.

Hozirgi kunda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston Kishinyov konvensiyasi ishtirokchilari hisoblanadi.

Hujjat Tomonlar hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar va boshqa shaxslarga ularning shaxsiy, mulkiy va nomulkiy huquqlarining ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlashga, shuningdek Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha yuridik yordam sohasida hamkorlik qilishga qaratilgan.

Mamlakatimizning Kishinyov konvensiyasiga qoʻshilishi huquqiy yordam koʻrsatishda Tomonlarning markaziy, hududiy va boshqa organlari bilan hamkorlik qilishga imkon beradi. Bundan tashqari, Konvensiya ishtirokchi davlatlar hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar va boshqa shaxslarni sud va notarial amaliyot bilan bogʻliq toʻlovlar hamda xarajatlarni toʻlashdan ozod qiladi, boshqa Tomonlar hududlarida oʻz fuqarolari bilan bir xil shartlarda bepul huquqiy yordamdan foydalanishni koʻzda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi uchun ushbu Konvensiya kuchga kirishi munosabati bilan mamlakatimiz va Kishinyov konvensiyasi ishtirokchi davlatlari oʻrtasida amalga kiritilgan 1993-yil 22-yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi konvensiya (Minsk konvensiyasi) va ushbu hujjat bilan bogʻliq 1997-yil 28-martdagi Bayonnoma oʻz kuchini yoʻqotadi.

Konvensiyaning toʻliq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.

Manba: Tashqi ishlar vazirligi sayti

760
OʻzA