O‘zA O`zbek

17.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston-Tojikiston: hamkorlikda maishiy texnikalar ishlab chiqariladi

O‘zbekiston-Tojikiston: hamkorlikda maishiy texnikalar ishlab chiqariladi

Tojikiston Respublikasi investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish qo‘mitasida Tojikiston hukumati, “Avesto guruhi” va “Artel Engineering and Management” o‘rtasida Dushanbe shahrida maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Artel Avesto Elektroniks” korxonasini ishga tushirish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolandi.

Ushbu investitsiyaviy loyihaning umumiy qiymati 10 million dollardan iborat bo‘lib, 175 yangi ish o‘rni yaratiladi. Maishiy texnika vositalari nafaqat ichki bozor talablarini qondirish, balki qo‘shni respublikalarga, xususan Afg‘oniston Islom Respublikasiga ham eksport qilinadi.

Qayd etish kerakki, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning 2018 yil O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida “Artel” korxonasi bilan Tojikistonning “Avesto guruhi” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, teng sherikchilik asosida “Artel Avesto Elektroniks” qo‘shma korxonasi tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu loyihani amalga oshirish yuzasidan ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida ko‘plab muzokaralar olib borildi.

Kelishuvga ko‘ra, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda changyutgich va suv isitgich qozonlari ishlab chiqarilsa, ikkinchi bosqichda televizor va kir yuvish mashinalarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

1 230
O‘zA