O‘zA O`zbek

22.12.2018 10:00 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston tibbiyotida elektron sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga start berildi

Oʻzbekiston tibbiyotida elektron sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga start berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov yurtimizga tashrif buyurgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi boʻlimi direktori Klaudia Steyn boshchiligida JSSTdelegatsiyasi bilan uchrashdi.

Unda “2018– 2020 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakilligi oʻrtasidagi ikki yillik hamkorlik kelishuvi” doirasida sogʻliqni saqlash axborot tizimi va maʼlumotlarni boshqarish uchun xalqaro standartlardan foydalanish boʻyicha texnik koʻmaklashuv amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.

Qayd etish joizki, JSST delegatsiyasishu yilning aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash axborot tizimini majmuaviy baholash oʻtkazilishi natijasi boʻyicha turli davlat organlari va xalqaro moliyaviy institutlar, jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazgan edi. Joriy yilning noyabr oyida esa ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab bilan Sogʻliqni saqlash vaziri A.Shadmanov oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtgandi. Natijada, JSST ekspertlari hamkorligidaOʻzbekistonda sogʻliqni saqlash axborot tizimini takomillashtirish boʻyicha loyiha tayyorlandi. Unda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va milliy sogʻliqni saqlash axborot tizimini takomillashtirish, elektron sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va yaxshilash uchun 2018—2020 yillarga moʻljallangan aniq tadbirlar aks etgan.

Mazmunli muloqot davomida sogʻliqni saqlash axborot tizimini rivojlantirish “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, kadrlar salohiyatini monitoring qilish, baholash, oʻqitish va rivojlantirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish, xalqaro ekspertlarni jalb etib, soha mutaxassislari uchun treninglar oʻtkazish, elektron sogʻliqni saqlashni rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga grantlar ajratish masalalari hal etildi. 

Uchrashuvda JSST Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish doirasida sohaga doir maʼlumotlarni boshqarish jarayoniga grantlar ajratilib, tibbiyotimizda elektron tizimni tatbiq etish borasidagi saʼy-harakatlar boshlab yuborilgani eʼtirof etildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Axborot xizmati

OʻzA
778