O‘zA O`zbek

15.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston teri va undan mahsulot tayyorlanadigan markazga aylanadimi?

Oʻzbekiston teri va undan mahsulot tayyorlanadigan markazga aylanadimi?

Oʻzcharmsanoat uyushmasi raisi oʻrinbosari Farhod Nurmuhammedov Oʻzbekistonda Oʻrta Osiyo hududida teri va teridan mahsulot tayyorlanadigan markaz boʻlishi uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etmoqda.

photo5274147705968504243.jpg–Sababi, atrofimizdagi qoʻshni davlatlarda teri-charm sohasiga eʼtibor bizdagi kabi kuchli emas, –deydi F.Nurmuhammedov. –Shuningdek, ularda texnologiyalar ham yetarli emas. Yana bir gap, xom ashyo bazasi ham bizdagi kabi koʻp emas. Bizda esa bu borada imkoniyatlar va imtiyozlar yetarli.



Keling, quruq gapdan koʻra, aniq hisob-kitoblar bilan gaplashamiz. Misol uchun, Oʻzbekistonda 12 millionga yaqin chorva bor. Bu koʻrsatkich Qozogʻistonda 10,6 million, Qirgʻizistonda 3,8 million, Turkmanistonda 8 milliontani tashkil etadi. Shundan ham koʻrinib turibdiki, kelgusida markaz tashkil etsak, boshqalardan xom ashyo xarid qilib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish mumkin.

Koʻp holatlarda mahsulotlarimizni Turkiya bilan solishtirishadi. Lekin ularda islohotlar 1984 -2014-yillarda amalga oshirilganini hisobga olsak, hech bir yutuqqa tezlik bilan erishib boʻlmasligiga guvoh boʻlamiz. Ularning tajribasini amaliyotga joriy etish va vaqtdan yutish uchun ikkita turkiyalik mutaxassisni ishga taklif qildik. Ular koʻmagida bir qator loyihalarni amalga oshirish moʻljallangan.

Teri xomashyosini qayta ishlashni taʼminlash, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish hajmini oshirish va tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan maqsadli dasturlarni amalga oshirish jarayonida mamlakatimizning charm-poyabzal va moʻyna tarmogʻida 235 ta investitsion loyiha amalga oshiriladi. Loyihalarning umumiy qiymati 431,9 million dollar boʻlib, shundan 198,6 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir.

Qayd etish joizki, ayni vaqtda tizimda bir ming bir yuzdan ortiq tashkilot mavjud boʻlib, ularning 500tasi uyushmaga aʼzo boʻlgan. 2017-yilda tizim korxonalarida 12 million juft mahsulot ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2018-yilda 51,1 million juftga yetdi. Joriy yilda esa yanada ulkan marra zabt etilishi kutilmoqda. Hozirda 20 davlatga eksport amalga oshirilmoqda.

1 512
Sayyora SHOYEVA, Yoqub MELIBOYEV, OʻzA