Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.10.2017 19:47 Chop etish versiyasi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ: yangi loyihalar amalga oshiriladi

Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natija va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoq korxona va tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjumanda istiqlol yillarida mamlakatimiz temir yo‘l transporti sohasi munosib taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani, hududlarni ishonchli bog‘laydigan, xalqaro transport yo‘laklariga chiqish imkonini beradigan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining yaxlit tizimi barpo etilgani alohida ta’kidlandi.

Bu borada izchil islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari davom ettirilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimiz temir yo‘llarining umumiy uzunligi qariyb 7 ming kilometrni tashkil etadi. Istiqlolga erishganimizdan buyon 4 ming kilometrga yaqin temir yo‘l qayta reabilitatsiya qilindi, 2 ming 100 kilometrga yaqin yangi po‘lat izlar yotqizildi, 2 ming 500 kilometr temir yo‘l to‘liq elektrlashtirildi.

Temir yo‘l vokzallarini zamonaviy talablar asosida qayta qurish, yo‘lovchilarga xalqaro talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda mamlakatimizda 10 ga yaqin yangi temir yo‘l vokzali zamon talablari darajasida qurib foydalanishga topshirildi. 20 dan ziyod vokzal jahon standartlariga mos ravishda kapital ta’mirlandi. Ayni paytda Toshkent shahridagi Janubiy vokzalni rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizning yagona temir yo‘l tizimini barpo etish, yo‘lovchi va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida ko‘plab yirik loyihalar hayotga tatbiq etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini poytaxt va boshqa viloyatlar bilan bog‘laydigan va uzunligi 341,6 kilometr bo‘lgan «Navoiy – Uchquduq – Sultonuvaystog‘ – Nukus» yangi temir yo‘l liniyasi, loyiha doirasida Amudaryo uzra temir yo‘l va avtomobil qo‘shma ko‘prigi, «Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on» yangi temir yo‘l liniyalari qurib foydalanishga topshirilgani shular jumlasidandir. Orttirilgan katta tajriba va yangi texnologiyalar bois temiryo‘lchilar tomonidan Afg‘onistonda ham bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, «Hayraton – Mozori Sharif» yo‘nalishida 106 kilometr po‘lat izlar yotqizildi.

2010-yilda umumiy uzunligi 344 kilometr bo‘lgan «Toshkent – Samarqand» liniyasida keng ko‘lamli modernizatsiya va ta’mirlash ishlari olib borildi. Natijada 2011-yildan boshlab mazkur yo‘nalishda «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezd mamlakatimiz aholisi va mehmonlarga xalqaro talab darajasida xizmat ko‘rsatishni boshladi. Tarmoqda amalga oshirilgan elektrlashtirish ishlari natijasida 2015-yil Toshkentdan Qarshiga, 2016-yilda esa Toshkentdan Buxorogacha ana shunday zamonaviy poyezdlarning muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

– Hozirgi kunda Urganchdan Xiva shahrigacha bo‘lgan masofada po‘lat izlar yotqizish, elektrlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejeri – bosh muhandisi Husnidin Hosilov. – Mazkur loyiha nihoyasiga yetgach, ushbu yo‘nalishda ham zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi va qadimiy o‘lkaga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun xalqaro talab darajasida sharoitlar yaratiladi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Farg‘ona vodiysini mamlakatimiz poytaxti bilan bog‘laydigan umumiy uzunligi 123,2 kilometrlik Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va uzunligi 19,2 kilometrga teng «Qamchiq» tunneli bunyod etilgani yirik loyihalardan biri bo‘ldi.

Lokomotivlar parkini yangilash borasida ham yuksak natijalarga erishilmoqda. Hozirgacha 50 ga yaqin zamonaviy elektrovoz xarid qilindi. Bu esa yuk va yo‘lovchi tashish hajmini yanada oshirishga imkon yaratdi. Yo‘lovchi poyezdlar tarkibi tarmoqdagi «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan so‘nggi rusumdagi vagonlar bilan to‘ldirib borilmoqda. Joriy yilning o‘zida Qo‘qon – Andijon hamda Bekobod – Toshkent yo‘nalishlarida ana shunday vagonlardan iborat zamonaviy elektrichkalarning doimiy harakati boshlangani bunga misol.

Tadbir davomida uzunligi 355 kilometrni tashkil etuvchi Buxoro – Miskin yangi temir yo‘lining muddatidan ilgari qurib foydalanishga topshirilgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, yaqinda Toshkent shahrida yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy servis markazi hamda uning yonida 300 metrli muhtasham yo‘l o‘tkazgich ishga tushirildi.

Ayni kunlarda tarmoqda bunyodkorlik-qurilish ishlari jadal davom etmoqda. Turli murakkablikdagi yo‘llar, ko‘priklar, estakadalar bunyod etilmoqda. Xususan, poytaxtimizning Sergeli tumanini shahar markazi bilan bog‘laydigan olti bekatli, uzunligi 7 kilometrdan ziyod yer usti, Yunusobod tumanida 3 bekatdan iborat yer osti metropolitenini qurish ishlari olib borilmoqda.

Anjumanda jurnalistlarning savollariga javob berildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 447






Все о погоде - Pogoda.uz