O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar kutilmoqda

Oʻzbekiston taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar kutilmoqda

Shu kunlarda Oliy Majlis Senatida “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilinmoqda.

Qonunda maktabgacha taʼlim va farzandlar tarbiyasi masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni oʻqitish va tarbiyalash, ularni intellektual, maʼnaviy-axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirish, umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz taʼlim tizimini amaliyotda keng qoʻllashga yangicha yondashuvlarni koʻrish mumkin.

Shuningdek, taʼlim tizimida mehnat qilayotgan mutaxassislar, qolaversa, ota-onalarning huquqiy maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlar hamda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Qonun 11 yillik majburiy umumiy oʻrta taʼlim, umumtaʼlim maktabi bitiruvchilariga qiziqishlari boʻyicha kasb-hunar oʻrgatish tizimini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutadi. Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida taʼlim berish muddati va mazmunining oʻzgarishi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar yuridik shaxslarga barcha taʼlim turlari boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat berilishi ham jamiyatimizda intellektual mulk salohiyatidan samarali foydalanish, ilm-maʼrifatga doir ish joylarining kengayishiga imkon beradi.

Bu qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisida qabul qilinishi kutilmoqda.

1 977
Nurillo NASRIYEV, OʻzA