O‘zA O`zbek

03.08.2018 16:45 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari vakillari Malayziyada

O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari vakillari Malayziyada
Ular Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgan B2B formatidagi ishchi uchrashuvlarda ishtirok etmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi hamda mamlakatimizning 20 ta sayyohlik kompaniyasi bilan birgalikda 2-4 avgust kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgan B2B formatidagi ishchi uchrashuvlarda ishtirok etmoqda. Bu haqda MAK axborot xizmati ma’lumot berdi.

Yurtimiz sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekistonning xususiy sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi (XSTA) ko‘magida tashkil etilgan mazkur uchrashuvlar doirasida 50 dan ortiq Malayziyalik turoperatorlar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Djohor va Penang shtatlarining sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun 5-7 avgust kunlari mazkur hududlarga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan.

Bu turdagi ishchi uchrashuvlar O‘zbekistonning xususiy sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi (XSTA) hamda Malayziya sayyohlik va turoperatorlari uyushmasi (MATTA) o‘rtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizning sayyohlik mahsulotlarini Malayziya bozorida taqdim etish mexanizmlarini ishlab chiqish va sayyohlik kompaniyalarining ikki davlat hududlarida o‘tkaziladigan xalqaro turistik ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishiga zamin yaratadi.

Ma’lumot uchun: “MATTA FAIR” faqat “B2C” (Business to Customer) formatida ishlaydigan savdo ko‘rgazmasi hisoblanadi.

O‘zA
4 576