O‘zA O`zbek

02.08.2018 10:56 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – sarmoyadorlar himoyasiga jiddiy kirishgan davlat

O‘zbekiston – sarmoyadorlar himoyasiga jiddiy kirishgan davlat

Investor. Kim u? Mablag‘ bilan ulush qo‘shib, shundan foyda olishni ko‘zlagan inson. 

Tasavvur qiling, sizda biznesingizni rivojlantirish maqsadi bor. Buning uchun istiqbolli g‘oyangiz ham mavjud, ishchi kuchi ham yetarli, tegishli texnologiyani ham ko‘z ostingizga olib qo‘ygansiz. Lekin, sarmoya yetarli emas. Shunda o‘zaro manfaatlar uyg‘un keladigan sherikni qidirasiz. Birgalikda foyda olishni ko‘zlaysiz. Mablag‘i bilan kelayotgan odamning ham xuddi siz kabi maqsadi bor, Pulni tikib, foyda olaman degan. Bu jo‘ngina ta’rifning davlat miqyosida olganda qamrovi va talablari biroz o‘zgacha.

Har qaysi davlatning iqtisodiyotiga kirib kelayotgan investorlar kattagina mablag‘ni ma’lum bir sohaga kiritishdan oldin biznes uchun yaratilgan muhitni obdon o‘rganadi. Agar zarur sharoit yaratib berilsagina, himoyani sezsagina investor hech ikkilanmay shu davlat iqtisodiyotiga o‘z mablag‘ini sarflashga rozi bo‘ladi. Bu aslida yangilik emas. Balki, hammamiz yaxshi biladigan, katta biznesning barcha ishtirokchilari birdek amal qiladigan oltin qoida.

Xohlaymizmi, yo‘qmi butun dunyo iqtisodiyoti shunday qoidaga asoslanadi. Investorlar ham sharoit, imkoniyat va qulay biznes muhit yaratilgan mamlakatlarni izlaydi va shunday hududlarda yirik loyihalarga bosh qo‘shishni ma’qul ko‘radi. Chunki shundagina davlat ham, sarmoyador ham birdek naf ko‘radi. O‘zbekistonda ham iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga investorlarni ko‘proq jalb qilishda shunday tamoyilga asoslanib, keng ko‘lamli harakatlar boshlangan.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashishni cheklash, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish va soddalashtirish, tovarlar va xizmatlardan erkin foydalanishni ta’minlash, hududlarda zarur infrastrukturani tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlardan ko‘zlanayotgan yakuniy maqsad ham shu. Bundan tashqari investorlarga soliq va bojxona imtiyozlari ham berildi. Aslida bunday sharoitlardan keyin sheriklarimiz hech ikkilanmay sarmoyasini ko‘tarib chopib kelishi kerak edi. Lekin, yashirib nima qildik, joylarda investorlar bilan ishlashda byurokratik to‘siq va g‘ovlar hali ham mavjud. Mahalliy hokimliklar tomonidan sarmoya yotqizaman, deganlarni lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmasligi, vazirlik va idoralar faoliyatidagi sansolarlik investitsion muhitni barqarorligiga salbiy ta’sir etayotgandi. Shu bois ham davlat rahbari tomonidan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonga imzo chekildi.

Hujjatga asosan, investorlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan masalalar o‘z yechimini topadi. Shunday qilib, 2018 yil 1 avgustdan boshlab mahalliy hokimliklarni investorlar bilan ishlashida yangi tartib joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra, vijdonan harakat qilgan investor va tadbirkorlik subyekti davlat organi yoki mansabdor shaxs tomonidan qabul qilingan ma’muriy hujjatga ishonib ish boshlasa-yu, vaqt o‘tgandan keyin ushbu qaror yuqori organ tomonidan noqonuniy deb topilsa, tadbirkorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanadigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, davlat organi yoki mansabdor shaxs tadbirkor faoliyati bilan bog‘liq o‘zi chiqargan qarorni bekor qilmoqchi yoki o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, endi faqatgina sud qarori bilan amalga oshiradi.

Yana bir muhim jihat. 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab:

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari shu joyda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muhokamani o‘tkazilgandan hamda foyda va xarajatlar baholangandan keyingina olib qo‘yilishi belgilandi. Mazkur joyda tadbirkorga tegishli bino va inshootlar, ishlab chiqarish korxonalari esa bozor qiymatida hisoblanib, puli to‘langandan keyingina buziladigan bo‘ldi. Aholiga tegishli turar-joylarni buzishda ham xuddi shunday qoidaga amal qilinadi.Agarda jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi mansabdor shaxsning noqonuniy qarorini bekor qilinishi asosida zarar yetkazilsa, bu zarar davlat byudjeti va mahalliy organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Keyinchalik esa, aynan shu noqonuniy qarorni chiqargan mansabdordan regress tartibida undirib olinadi.

“O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaror mahalliy va xorij investorlariga keng imkoniyatlar yaratadi

Yaqinda Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmonga imzo chekildi. Hujjatga asosan, investorlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan masalalar o‘z yechimini topadi. Shunday qilib, 2018 yil 1 avgustdan boshlab mahalliy hokimliklarni investorlar bilan ishlashida yangi tartib joriy qilinmoqda.

Farmonga asosan yer uchastkalari quyidagi maqsadlarda, ya’ni:

• mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari uchun,

• erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish;

• xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

• foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

• avtomobil va temir yo‘llarini qurish;

• aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnik markazlar barpo etish;

• temiryo‘l transporti obyektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar qurish;

• energetika tizimi obyektlari va elektruzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish yoki rekonstruksiya qilish;

• Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan aholi punktlarini qurish maqsadidagina davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi belgilab qo‘yildi.

• chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondida xorijiy sarmoyalarning minimal miqdori 30 foizdan 15 foizgacha tushirilmoqda.

• chet el sarmoyasi bor korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy yuridik shaxs bo‘lishi shartligi talabi bekor qilinmoqda.

• chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondining minimal miqdori 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha tushirilmoqda.

• chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori uch baravargacha tushirilmoqda.

• aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining minimal miqdori 400 million so‘m qilib belgilandi.

Farmonga asosan, 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratishning yangi mexanizmlari ham joriy etilmoqda. Endilikda tadbirkorlarga yer uchastkasi 50 yilgacha ijaraga beriladi. Mehmonxonalar, savdo obyektlari, madaniy-ko‘ngilochar majmualari, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim va tibbiyot muassasalarini qurish, yo‘l infratuzilmasini yaratish uchun yer uchastkalari auksion orqali sotiladi va shundan so‘ng egalik huquqi rasmiylashtiriladi.

Farmon bilan investorlarga yana qator yengilliklarni yaratishga qaratilgan tartiblar ham joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra, mamlakatimizga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga yana bir yengillik yaratilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi esa mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlariga katta miqdorda investitsiya kiritgan chet el fuqarolariga “Faxriy fuqaro” unvonini berish tartibini joriy etish bo‘yicha takliflarni ham ishlab chiqadi. Bundan tashqari, farmonga asosan Mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha 24 ta banddan iborat chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Bu hali hammasi emas. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda joriy yil oxirigacha investitsiya kiritish uchun maksimal qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsion faoliyat sohasida unifikatsiyalashtirilgan qonun hujjatini ishlab chiqadi. Bosh prokuratura esa investorlarning huquq va kafolatlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar tomonidan so‘zsiz rioya etilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatadi. Xullas, Prezident farmonining qabul qilinishi iqtisodiyotimiz xorijiy investorlar uchun ochiq ekanligidan va O‘zbekiston sarmoyadorlar himoyasiga jiddiy kirishganidan dalolat beradi.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

O‘zA
2 697