O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Rossiya: qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston – Rossiya: qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston – Rossiya hukumatlararo komissiyasi guruhining videokonferensaloqa shaklidagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jaev, Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari S.Levin boshchiligidagi vakillar ishtirok etdi. 

Tomonlar agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati, chorvachilik, agrar ta’limi bo‘yicha aloqalar, fitosanitar ta’minoti, meva-sabzavotlar yetkazib berish hamda o‘rta muddatga mo‘ljallangan agrosanoat majmuiga doir “Yo‘l xaritasi” yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Ikki davlat o‘rtasida “Yagona oyna” axborot tizimini integratsiyalash borasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, O‘zbekistonning “Golden Fish Group” kompaniyasining Rossiyaga eksportni amalga oshirish uchun ruxsat berish jarayonini tezlashtirish borasidagi masala ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda “RosAgroMarket” MChJ bosh direktori Ye.Nekrasov hozirgi vaqtda Novosibirsk viloyatida 2020 yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ilk ulgurji-taqsimlash markazi bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ushbu markaz Markaziy Osiyo davlatlaridan kelayotgan mahsulotlar uchun savdo oqimi koridori vazifasini bajaradi. Shu orqali “Marketpleys” axborot platformasi omborxonalarda jamlangan mahsulotlarni markazdan 700 kilometr radiusda taqsimlash imkonini beradi.

Shuningdek, Rossiyaning “Rosrыbxoz” uyushmasi raisi V.Gluщenko tomonidan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan Rossiyaning “Angelinskoe” va “Sharapovskoe” baliqchilik xo‘jaliklari bilan yaxshi aloqalar o‘rnatilgani qayd etildi. Tomonlar kelgusi yilda Ilonbaliq urug‘ini almashish bo‘yicha kelishib oldi. 

Muloqotda O‘zbekistonda tajriba tariqasida “malla qo‘ziqorin” yetishtirish va hosilni aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish maqsadida qayta ishlash uchun Rossiyaga eksport qilish istiqbollari haqida ham so‘z yuritildi. 

Ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi shartnomaviy-huquqiy qonunchilikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

1 843
Abdulaziz Musaev, O‘zA