Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.05.2018 18:24 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Rossiya ishbilarmonlari forumi

Mamlakatimizda davom etayotgan Chelyabinsk viloyati kunlari doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmonlari biznes-forumi o‘tkazildi.

Tadbirda ikki mamlakatning neft-gaz, tog‘-kon sanoati, oziq-ovqat, kimyo, yengil sanoat, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash kabi qator sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Biznes-forum O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasining transport-kommunikatsiya imkoniyatlari va tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish orqali o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirish, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga qaratildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyati gubernatori B.Dubrovskiy va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, mazkur tadbir savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ijtimoiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ikki davlat rahbarlari tomonidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar natijasida o‘zaro tovar almashuv izchil o‘smoqda.

Forumda rossiyalik ishbilarmonlarga mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, sarmoya kiritish istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari to‘g‘risida ma’lumot berildi. O‘zbekiston va Chelyabinsk viloyati ishbilarmonlari hamkorligida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va ular ijrosi haqida so‘z yuritildi.

– Rossiya va O‘zbekiston uzoq yillardan buyon o‘zaro ishonchli va manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirib kelmoqda, – deydi Janubiy Ural Savdo-sanoat palatasi prezidenti F.Degtyaryov. – So‘nggi yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnik sohalardagi aloqalar yuqori darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur biznes-forum ham savdo aloqalarini rivojlantirish va turli sohalarda ko‘plab yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi.

Tadbir doirasida ikki mamlakatda investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, soliq va bojxona imtiyozlari, mavjud iqtisodiy imkoniyatlar taqdimoti o‘tkazildi.

– Tashkilotimiz 10 yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda, – deydi “Uralspesmash-eksport” xolding kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori A.Rasulmuhamedov. – Kompaniya mamlakatimizga 150 dan ortiq turdagi maxsus texnika vositalari yetkazib beradi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Navoiy, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari singari yirik tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz. Ushbu biznes-forum faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun qulay imkoniyatdir.

Forumda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.

Biznes-forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov so‘zga chiqdi.

Shu kuni delegatsiya a’zolari Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi o‘simliklarni biologik himoya qilish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkent viloyati Parkent tumanidagi o‘simliklar klinikasida bo‘lib, u yerda amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 317