O‘zA O`zbek

30.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Rossiya: atomchilar kasaba uyushmalari hamkorlik qiladi

Oʻzbekiston – Rossiya: atomchilar kasaba uyushmalari hamkorlik qiladi

Toshkentda Oʻzbekiston neft-gaz va geologiya sohasi xodimlari kasaba uyushmalarining respublika kengashi va Rossiya atom energetikasi va sanoati xodimlari kasaba uyushmalari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Mazkur hujjatga koʻra, kasaba uyushmalari maqsadlarini amalga oshirish hamda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini rivojlantirish, atom energosanoati kompleksi tashkilotlarining ijtimoiy va boshqa ahamiyatli loyihalarda ishtirok etishga koʻmaklashiladi.

Tomonlar energetika sanoatida ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tajriba va maʼlumotlar almashish haqida kelishib oldi.

Bitimni neft-gaz va geologiya sohasi xodimlari kasaba uyushmalarining respublika kengashi raisi Shuhrat Qurbonov va shu kunlarda Oʻzbekistonda mehmon boʻlib turgan RPRAEP raisi Igor Fomichev imzoladi.

Bitim doirasida imzolanadigan qoʻshma tadbirlardan biri 2020-yilning mayida Samarqandda boʻlib oʻtadigan xavfsizlik madaniyati boʻyicha seminar va mehnatni muhofaza qilish borasida jamoatchilik nazoratini tashkil qilish hisoblanadi.

Oʻzbekiston va Rossiya kasaba uyushmalari oʻrtasidagi hamkorlikka 2018-yilning sentyabrida imzolangan Oʻzbekiston hududida AES qurilishi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim turtki boʻldi.

2019-yil aprelda RPRAEP taklifiga koʻra Shuhrat Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Moskvaga safar qilgan edi. Safar davomida kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashuv va bu mamlakatdagi AESlarni borib koʻrish koʻzda tutilgan edi.

Igor Fomichevning javob safari davomida uchrashuv va muzokaralar turkumi oʻtkazildi va ularda mutaxassislarni tayyorlash, xavfsizlik madaniyati, mehnat muhofazasi va atom sohasi xodimlarining ijtimoiy kafolatlari muhokama qilindi. Rossiya kasaba uyushmalari yetakchisi Samarqand, Buxoro va Toshkentning kasaba uyushmalari faollari, “Oʻzatom” agentligi vakillari bilan uchrashdi. Shuningdek “Moskva muhandislik-fizika instituti“ Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali faoliyati bilan tanishdi.

16 866
OʻzA