Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.11.2017 10:50 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida kodekslar loyihasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks loyihasi, Iqtisodiy protsessual kodeksi loyihasi hamda yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari X.Yodgorov va boshqalar mamlakatimizda barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar negizida, avvalo, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsad mujassamligini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolar, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ma’muriy sudlarga taalluqli ekanligi belgilangan.

Ma’muriy sudlar O‘zbekiston Respublikasi yagona sud tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ularning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va «Sudlar to‘g‘risida»gi qonun bilan belgilangan tamoyillarga asoslangan. Shu sababli barcha protsessual kodekslardagi umumiy qoidalar, barcha sud instansiyalaridagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi, sud hujjatlarini ijro etish bo‘yicha ish yuritishni tartibga soluvchi normalar o‘xshash bo‘lib, faqat har bir sudning vazifalari xususiyatlaridan kelib chiqib farqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks loyihasida ma’muriy sudlarning vazifalari o‘z ifodasini topgan. Kodeks loyihasini ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning ma’muriy sud ishlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari o‘rganilgan.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi loyihasi ham keng muhokama qilindi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkam himoya qilish, odil sudlov erkinligini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini ko‘tarish sud-huquq sohasidagi islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksini yangi tahrirda qabul qilishni taqozo etadi.

Yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi loyihasida amaldagi normalar zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilgan, mavjud huquqiy bo‘shliqlar to‘ldirilgan.

Tadbirda kodekslar loyihalari yuzasidan mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 360






Все о погоде - Pogoda.uz