Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 16:08 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi davlat grantlari ajratish uchun qo‘shimcha tanlov e’lon qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi “Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda fuqarolar erkinliklarini, qonuniy huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda ijtimoiy sheriklikdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida davlat grantlari ajratish uchun qo‘shimcha tanlov e’lon qiladi.

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

1. “Mustaqillik, eng avvalo, huquqdir”, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Aholi murojaatlari – doimiy e’tiborda” shiorlari ostida qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini o‘rnatish.

2. Davlat organlarida murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash.

3. “Davlat organlari xalq xizmatida” shiori ostida jamiyatda huquqiy madaniyatni va aholining huquqiy ongini yuksaltirishga, qonunga hurmat, huquqbuzarliklarga murosasizlik tuyg‘usini kuchaytirishga ko‘maklashish.

4. Harakatlar strategiyasining aniq natijalarini hamda liberallashtirish jarayonlarini keng yoritishga qaratilgan materiallarni tayyorlash va chop etish.

5. Yoshlar va ayollarning, nogiron hamda keksa yoshdagi shaxslarning dolzarb muammolarini hal qilishga qaratilgan qo‘shma rejalarni va dasturlarni amalga oshirish.

6. Jamiyatda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda mahallalar obodligini ta’minlash.

7. Qishloq tumanlarida yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda, ijtimoiy va maishiy infratuzilmani yaratishda, aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirishda fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish.

8. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashuvchi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, nogiron bolalar dunyoga kelishining oldini olishni kuchaytirish.

9. Kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish ustidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmini va innovatsion usullarini joriy etish.

10. Sog‘liqni saqlash muassasalarida jamoatchilik nazoratini shakllantirish, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalangan holda ularning faoliyati sifatini tubdan yaxshilashga ko‘maklashish.

11. Oilada sog‘lom muhitni yuksaltirish, ajdodlarimiz ma’naviy-axloqiy merosini targ‘ib qilish, erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, qaynona va kelin munosabatlarini mustahkamlash.

12. Salbiy xulq-atvorga moyil bo‘lgan yoshlar va ayollarning ma’naviy-axloqiy profilaktikasini hamda jamiyatga moslashishini kuchaytirishda NNT, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim va tibbiyot muassasalarining ijtimoiy sherikligini yuksaltirish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.

2. www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza.

3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi.

4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.

6. 3, 4 va 5-bandlarda ko‘rsatilgan hujjatlar rahbar imzosi va tashkilot muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.

7. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 25 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2017-yil 12-sentabrdan 12-oktabrgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar “O‘zbekiston pochtasi” orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64


1 020






Все о погоде - Pogoda.uz