O‘zA O`zbek

03.08.2018 09:19 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etildi
Prezidentning 2018-yil 2-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tashkil etildi.

Quyidagilar Milliy palataning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • respublika sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasini, ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning o‘z vaqtida joriy etilishini monitoring qilish;
  • zarur statistik axborot bilan ta’minlash maqsadida tibbiyot statistikasini to‘plash va tahlil qilish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni manipulyatsiya qilish imkoniyatini istisno etadigan xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish;
  • respublika shifokorlari va provizorlarini ro‘yxatga olish tizimini joriy etish, shuningdek, umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;
  • xalqaro standartlarga javob beradigan sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratishga, shu jumladan, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun moliyaviy mablag‘lar jalb etishga, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida yangi tashkilotlar tashkil qilishga ko‘maklashish;
  • tibbiyot xodimlarining obro‘sini, ushbu kasb nufuzi va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish, tibbiyot xodimlariga odob-axloq qoidalarini singdirish, korrupsiya ko‘rinishlariga barham berish va ularning oldini olish, shuningdek, ularning kasbiy faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • tibbiyot xodimlari kasbiy malaka darajasi, shuningdek, ularning ko‘nikmalari zamonaviy talablar va jahonning eng yaxshi amaliyotiga muvofiqligi ustidan, shu jumladan, ular faoliyatini yakka tartibda litsenziyalashni joriy etish orqali ta’sirchan monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ushbu sohaga zamonaviy standartlarni joriy etish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy ekspert va mutaxassislarni mamlakatga faol jalb qilish, mamlakatimiz mutaxassislari va ekspertlarining chet elda stajirovka o‘tashini tashkil etish;
  • mamlakatimiz tibbiyot tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini va jahonning eng yaxshi amaliyotini chuqur o‘rganish asosida shifokor (tibbiy) xatolari, kasalliklarni noto‘g‘ri diagnostika qilish va davolash holatlarini kamaytirishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • mamlakat sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimiga, shu jumladan, tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish masalalarida xorijning eng yaxshi amaliyotini moslashtirilgan tarzda joriy etish, shuningdek, fuqarolarni tibbiy sug‘urtalashni joriy qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish;
  • xususiy, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning xususiy tizimini jadal rivojlantirish maqsadida davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish;
  • xorijiy (xalqaro) tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu jumladan, respublika sog‘liqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablag‘larni jalb etish maqsadida uchrashuvlar, muzokaralar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish, shuningdek, ushbu mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini monitoring hamda nazorat qilish;
  • salohiyatli investorlar, ayniqsa, xorijiy investorlarga respublikaning xususiy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun investitsiya kiritish masalalari bo‘yicha axborot, maslahat, huquqiy va boshqa shakllarda, shu jumladan, biznes-rejalar ishlab chiqish va taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalarini jalb qilish orqali har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish.

O‘zA
2 706