Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 15:38 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi davlat grantlari ajratish uchun tanlov e’lon qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  huzuridagi jamoat fondi  “Jamiyatda millatlararo va fuqarolararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik muhitini saqlashga va mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida davlat grantlari ajratish uchun tanlov e’lon qiladi.

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarni nazarda tutuvchi loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

1. Yoshlarga o‘zbek xalqining ma’naviy boyliklariga hurmat bilan qarashni, xalqimiz an’analari va urf-odatlarini, bebaho tarixiy merosini saqlash va rivojlantirish tuyg‘usini singdirish.

2. Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy konfessiyalar, yurtimizda yashayotgan millatlar va elatlar o‘rtasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida O‘zbekiston tajribasini targ‘ib qilish hamda ommalashtirishga bag‘ishlangan radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlar tayyorlash.

3. Respublikada do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashni targ‘ib etish, barcha fuqarolarga ularning millati, dini va e’tiqodidan qat’iy nazar, teng huquqlar va imkoniyatlar yaratish.

4. Turli millatlar vakillari orasida adovat va nifoq keltirib chiqaradigan ekstremistik hamda radikal g‘oya va mafkuralar tarqalishining oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish.

5. Internet tarmog‘ida chet tillarda O‘zbekiston xalqlarining boy madaniy-tarixiy merosini yoritib beruvchi o‘ziga xos resurslar yaratish.

6. O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va san’ati, buyuk shaxslari, mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida respublikada erishilgan yutuqlar to‘g‘risidagi axborotni chet tillarda tayyorlash va internet tarmog‘iga joylashtirish.

7. Mamlakatimiz madaniyati, san’ati, adabiyotining yorqin namunalari, O‘zbekistondagi me’moriy va tarixiy yodgorliklar, YuNESKO Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar to‘g‘risidagi axborotlarni xorijiy auditoriyaga yetkazish.

8. Xorijliklar orasida O‘zbekiston xalqlarining tarixi va madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan turli tanlovlar tashkil etish va o‘tkazish, ularda O‘zbekiston xalqlarining tarixiy-madaniy merosiga, jamiyatda millatlararo va fuqarolararo totuvlik, hamjihatlik hamda do‘stlik muhitini mustahkamlash borasidagi tajribasiga qiziqish uyg‘otish.

9. O‘zbekistonda yashab kelayotgan turli millat va xalqlarning o‘ziga xos milliy an’analarini, urf-odatlarini va udumlarini saqlash va rivojlantirish, jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardor etish.

10. O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatining asosiy jihatlarini, amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijalarini aks ettiruvchi xolis va ishonchli axborotlarni ingliz hamda boshqa xorijiy tillarda tarqatish maqsadida internet tarmog‘ida maxsus saytlar ishlab chiqish va yaratish.

11. Mustaqil ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston xalqlarining an’analari va madaniyatiga bag‘ishlangan maqolalar, hikoyalar, ocherklar va boshqa bosma materiallar chop etish, hujjatli, tarixiy va ma’rifiy filmlar, teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar tayyorlash va efirga uzatish.

12. Mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida ko‘rilgan izchil chora-tadbirlarning natijalarini targ‘ib etish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.

2. www.fundngo.uz veb-saytiga joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti uchun ariza.

3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining Ustavi (Nizomi) nusxasi.

4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.

6. 3, 4 va 5-bandlarda ko‘rsatilgan hujjatlar rahbar imzosi va tashkilot muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.

7. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiya xatlari, iltimosnomalari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 25 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2017-yil 12-sentabrdan 12-oktabrgacha qabul qilinadi.

Hujjatlar “O‘zbekiston pochtasi” orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi nomiga yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64


2 317






Все о погоде - Pogoda.uz