Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 16:28 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari: matonatli yoshlarning hayot maktabi

Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida “O‘zbekiston Qurolli Kuchlari: matonatli yoshlarning hayot maktabi” shiori ostida tashkil etilgan muloqotda Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya vakillari, harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz mudofaa tizimining harbiy-jangovar holati, askar va ofitserlarning ma’naviy va ruhiy tayyorgarlik darajasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Bugun Qurolli Kuchlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish jarayoni boshlangan.

Xususan, Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqildi. Milliy gvardiya barpo etildi, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi. Qurolli Kuchlar akademiyasining faoliyati tubdan qayta tashkil etildi. Mudofaa doktrinasi yangidan qabul qilinmoqda, armiyamiz yangi qurol-aslaha va zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlanmoqda.

Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirildi. Ularni uy-joy bilan ta’minlash, farzandlarining sifatli va zamonaviy bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitni yaratish, soha faxriylarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu jarayonda vatanparvar yoshlarni tarbiyalash g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. 2017 yilning 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolangani bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda. Mazkur memorandumga ko‘ra, Mudofaa vazirligining harbiy qism va ta’lim muassasalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tuzilmalari ish boshladi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashlari huzurida “Jasorat” klubi tashkil etildi.

Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning Yoshlar ittifoqi tavsiyasi bilan oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz, grant asosida o‘qishga kirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Harbiy maktablarga “Temurbeklar maktabi” deb nom berildi. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etildi. Endilikda bu yuksak mukofot yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib tarzda mardlik va jasorat, qat’iyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fazilatlarga chorlab turadi.

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari “Kuch – adolatda” tamoyiliga amal qilishi, shu ma’noda, mamlakatimiz mintaqada xavfsizlikni ta’minlashning ishonchli kafolati ekani ta’kidlandi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
9 905