O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

02.09.2018 17:36 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Qahramoni Suyima GʻANIYEVA

Oʻzbekiston Qahramoni Suyima GʻANIYEVA

Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Atoqli adabiyotshunos olim, professor, Oʻzbekiston Qahramoni Suyima Gʻaniyeva 86 yoshida vafot etdi.

S.Gʻaniyeva 1932 yilda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tugʻildi. 1952 yilda Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomladi.

1953-1956 yillarda Leningrad davlat universiteti aspiranturasida taʼlim oldi.

Boʻlgʻusi olima oʻz mehnat faoliyatini 1956 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik ilmiy xodimi sifatida boshladi. Shu yili buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyinchalik Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi, Toshkent davlat konservatoriyasida kafedra mudiri, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi.

U oʻzining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida oʻzbek mumtoz adabiyoti boʻyicha fundamental tadqiqotlar olib bordi. Mustaqillik yillarida adabiyotimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, milliy adabiyotimizning jahon madaniy sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini xalqaro miqyosda keng targʻib etishga katta hissa qoʻshdi. 

S.Gʻaniyeva oʻz ilmiy faoliyati davomida yaratgan 14 ta monografiya, 350 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar mamlakatimiz va xalqaro ilmiy nashrlarda chop qilingan, 20 dan ortiq oʻquv-metodik qoʻllanmalari respublika oliy taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan.

Olima Alisher Navoiy ijodini chuqur oʻrganib, oʻzining teran ilmiy tadqiqotlari bilan navoiyshunoslik sohasida oʻziga xos ilmiy maktab yaratdi.

Uning “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi”, “Alisher Navoiy ijodida milliy mafkura”, “Navoiy gʻazallarida joʻmardlik motivlari”, “Navoiy vasiyati”, “Navoiy dastxati” kabi sermazmun asarlari yurtimiz va chet el adabiyotshunoslari tomonidan ilmiy kashfiyotlar sifatida eʼtirof etilgan.

S.Gʻaniyeva Alisher Navoiyning uzoq yillar davomida ilm-fanga nomaʼlum boʻlib kelgan “Munojot” asarini topib, nashr ettirgan.

Olima 2011 yilda Alisher Navoiyning 20 jildlik mukammal asarlar toʻplamini nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan.

Yorqin isteʼdod, katta ilmiy salohiyat egasi boʻlgan zahmatkash olima oʻz faoliyati davomida koʻplab yoshlarga ustozlik qildi. Uning bevosita rahbarligida oʻnlab doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

S.Gʻaniyevaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish va barkamol avlod tarbiyasi yoʻlidagi ulkan xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.

U Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari va Oʻzbekiston Qahramoni faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olima, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Suyima Gʻaniyevaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev, N.Karimov

O'zA