O‘zA O`zbek

12.01.2019 08:10 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida qanday oʻzgarishlar bor?

Ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda kechayotgan islohotlar muvaffaqiyati, yurt taraqqiyoti yuqori bilim va malakaga ega mutaxassislarga bogʻliq. Keyingi yillarda oliy taʼlim tizimida kechayotgan tub islohotlarning pirovard maqsadi ham ayni ezgu intilishlarni koʻzlashi bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham oliy taʼlim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga oid ishlarni takomillashtirish, mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish, oliy oʻquv yurtlari nufuzini yuksaltirish, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratgan edi.

Darhaqiqat, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida koʻzda tutilgan zamonaviy talablar va ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq qilish asosida yuqori malakali mutaxassislar, pedagog va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yurtimizda oliy taʼlim sohasida kechayotgan tub oʻzgarishlar jarayoni ota-onalar, oʻqishga ishtiyoqi baland boʻlgan yoshlar, keng maʼrifiy jamoatchilikning fikri, taklif va mulohazalari asosida amalga oshirilayotgani eʼtiborga molikdir. Jumladan, kunduzgi taʼlim bilan birgalikda kechki, sirtqi oʻqitish shakllarining qaytadan joriy etilgani, yangi-yangi oliy oʻquv dargohlarining tashkil etilayotgani, oliy taʼlimda yoshlar qamrovining tobora kengayib borayotgani bu yoʻnalishdagi ezgu tashabbuslarning hayotiy ifodasidir.

Hozirgi kunda yurtimizda jami 96 oliy taʼlim muassasasi va filiallari faoliyat olib bormoqda. Bu koʻrsatkich 2016/2017 oʻquv yilida 77 tani, 2017/2018 oʻquv yilida esa 86 tani tashkil etgan.

Yoshlarni oliy taʼlimga yanada kengroq qamrab olish maqsadida oliy taʼlim muassasalariga talabalar qabul kvotalari oshirilmoqda. Yangi yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilmoqda, yangi oliy taʼlim muassasalari hamda xorijiy davlatlardagi nufuzli universitetlar filiallari tashkil etilmoqda.

2018/2019 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalarida kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha qabul kvotalarining ortganligi bilan bir qatorda, 51 oliy taʼlim muassasasida sirtqi taʼlim, 22 oliy taʼlim muassasasida maxsus sirtqi taʼlim va 9 oliy taʼlim muassasasida kechki taʼlim shakllari boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Yurtimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2016/2017 oʻquv yilida 15 taʼlim yoʻnalishi va 14 mutaxassislik, 2017/2018 oʻquv yilida 8 taʼlim yoʻnalishi va 10 mutaxassislik boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2018/2019 oʻquv yilida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 66 tani, magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 48 tani tashkil etdi.

Hozirgi kunda jami talabalar soni 344790 nafarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2016/2017 oʻquv yilida 264095 nafarni, 2017/2018 oʻquv yilida esa 279674 nafar edi.

Talabalar soniningoshishi, oʻz navbatida, professor-oʻqituvchilar sonining ham ortishini taqozo etmoqda. Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilar 2016/2017 oʻquv yilida 23368 nafar, 2017/2018 oʻquv yilida 24904 nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2018/2019 oʻquv yilida professor-oʻqituvchilar soni 25418 nafarga yetdi.

2018/2019 oʻquv yilidan boshlab 11 oliy taʼlim muassasasida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda qoʻshma taʼlim dasturi asosida jami 1130 nafar talaba tahsil olmoqda.

2017 yil fevralda Prezidentimizning ilmiy kadrlarni tayyorlashning ikki bosqichli tizimiga oʻtish toʻgʻrisidagi Farmoni qabul qilindi va unga koʻra birinchi bosqich falsafa doktori (PhD) xalqaro talablarga muvofiq tayyorlana boshladi. Doktoranturaga qabul kvotasi ikki barobar oshdi. Dissertatsiyani koʻrib chiqish tartibi soddalashtirildi. Ilmiyishlar himoyasi 2017 yilda 2016 yil bilan solishtirganda 2 martaga va 2018 yilning yarim yil natijalari boʻyicha 2,5 marta koʻpaydi.

Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati 2017/2018 oʻquv yilida oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli darajada ortdi. Shu bilan birga tizimdagi rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 2017 yildan oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimiga masofaviy oʻqitish shakllari joriy etildi, bugungi kunga qadar 1855 nafar tinglovchi mazkur kurslarda malakasini oshirdi. Ayni paytda masofaviy kurs tinglovchilari uchun vebinar texnologiyalar asosida onlayn maʼruzalar tashkil etilishi yoʻlga qoʻyilgan.

2018 yil davomida maktabgacha taʼlim muassasalarini oliy maʼlumotli kadrlar bilan taʼminlash maqsadida 14 tayanch oliy taʼlim muassasasida kasbiy qayta tayyorlash kurslari faoliyati tashkil etilib, bugungi kunga qadar 15110 nafar tinglovchi bu kurslarni muvaffaqiyatli yakunladi va maktabgacha taʼlim muassasalariga ishga yuborildi. Ayniqsa “Defektolog (logoped)”, “Amaliy psixolog”, “Maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyachisi” kabi ixtisosliklar boʻyicha tahsil olgan yoshlar joylarda muvaffaqiyatli ishga joylashmoqda.

Bularning barchasi mamlakatimizda oliy taʼlimni davr talabi, ijtimoiy-iqtisodiy soha talabidan kelib chiqqan holda isloh etish, yoshlarning oliy taʼlimga boʻlgan ehtiyojini qondirish, yurtimizni jadal ravnaq toptirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yorqin ifodasidir.



Nazokat Usmonova, OʻzA
2 738