O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi


Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashi karantin davrida osoyishtalikni saqlash va inson sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadidagi oʻrnatilgan tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishga chaqiradi.

Tartib-intizom va ishboshilarga itoat – vojib (shart)!

Azizlar, bunday holatlarda tartib-qoidalarga bepisand boʻlish, nafaqat qonunni buzish, balki sharʼiy tomondan ham toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki ishlarda koʻpchilik tomonidan saylangan rahbarlarga, hukumatga boʻysunishning lozimligi Islom manbalarida bayon qilingan. Qurʼoni karimda bunday bayon qilinadi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Paygʻambarga va oʻzlaringizdan (boʻlmish) ishboshilarga itoat etingiz!” (“Niso” surasi, 59-oyat).

Imom Tabariyishboshilar” soʻzining tafsirida mashhur sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhuning “Ular sizlardan boʻlgan amirlar”, deb izoh berganini rivoyat qilganlar.

Maʼlum boʻladiki, musulmon kishi, avvalo, Alloh taolo va Uning rasuliga toʻla taslim boʻlib, din va dunyo ishlaridagi ishboshilarga, agar ular gunohga buyurmasalar, itoat etishi vojib boʻladi.

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga itoat etsa, Allohga itoat etibdi. Kim menga osiy boʻlsa, Allohga osiy boʻlibdi. Kim amirga itoat etsa, menga itoat etibdi. Kim amirga osiy boʻlsa, menga osiy boʻlibdi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).

Islom ulamolari “Musulmon, mohir, taqvodor tabibning xabari ila qilinadigan muolaja farz ayn darajasigacha koʻtariladi”, deydilar. Demak, Islom dinida itoat qilish ibodat darajasiga koʻtarilgan va moʻmin-musulmonlar ayni hozirgi holatda tabiblar koʻrsatmalariga qatʼiy rioya etishlari juda ham zarur.

Karantinni buzish joiz emas!

Hozirgi murakkab sharoitda amalga oshirilayotgan tushuntirish ishlari va koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, karantin tartib-qoidalarini qoʻpol ravishda buzishga yoʻl qoʻyayotganlar ham uchramoqda.

Inson karantin va cheklovni buzishi yoki kasallik oʻchogʻiga borganlik, bemorlar bilan muloqotda boʻlganlikni yashirishi nafaqat oʻzi, balki jamiyat uchun ham katta xavfdir. Masalan, joriy yilning 15 martidan 23 mart kuniga qadar yurtimizda ushbu kasallik 46 nafar shaxslarda aniqlangan boʻlsa, kasallarning 16 nafari 1 bemor bilan muloqotda boʻlganlar. Demak, bunday vaziyatda eng asosiysi, oʻzaro muloqotni kamaytirish, kasallik yuqishining oldini olish borasidagi tartib-qoidalarga qatʼiy rioya qilishdir.

Tahlilchilar taʼkidlashicha, Italiya davlatida koronavirus keng tarqalishining asosiy sabablari – karantin choralarini tatbiq etmaslik, jamoat transportlari va joylardagi harakatlarni cheklamaslik hamda soha mutaxassislari fikrlariga quloq solmaslikdir.

Demak, karantin davrida shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalari, ayniqsa, virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qoʻllarni yaxshilab sovunlab yuvishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Shuningdek, pandemiya davrida fuqarolarning turli joylarda toʻplanishi, har xil yigʻinlar qilishlari, shu jumladan, masjidlar oldida jamoat hosil qilishlari ham karantin talablariga xilofdir. Bunday harakatlarni sodir etayotgan fuqarolar respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan choralarni qoʻpol ravishda buzishlari barobarida, avvalo oʻzlari va yaqinlarini xatarga qoʻyayotganliklari, yurtdoshlarimiz orasida virus tarqalishiga sababchi boʻlib qolishlari mumkinligini teran anglab yetishlari hamda bu kabi ishlarga qoʻl urmasliklari zarur.

Islom dini taʼlimotlarida har bir inson oʻzi va boshqalar hayotini muhofaza qilishga masʼuldir! Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Oʻzingizni halokatga tashlamang!” deb xitob qilgan (“Baqara” surasi, 195-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kasal tuyalari bor kishi ularni sogʻlom tuyalari bor kishining tuyalari oldiga keltirmasin”, deb taʼkidlaganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar bir yerda vabo (tarqalgani)ni eshitsangiz, u yerga kirmanglar. Agar sizlar turgan yerda shu narsa (vabo) boʻlsa, u yerdan chiqib ketmanglar”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Bugun karantin choralariga qatʼiy rioya qilish zarurligini tushunib yetdik. Garchi yurtimizda sanoqli kishilar virusni yuqtirgan boʻlsa-da, lekin hammamiz – yurtimizning 34 milliondan ziyod fuqarosi bir tanu bir jon boʻlib hamkorlikda harakat qilishimiz darkor. Zero, Qurʼoni karimda:

“Yaxshilik va taqvo yoʻlida hamkorlik qiling, gunoh va haddan oshish yoʻlida hamkorlik qilmang!” (“Moida” surasi, 2-oyat), deyilgan.

Demak, jamiyat sogʻligini saqlash yoʻlida oʻzaro hamkorlik qilish – Islom dini tavsiya etilgan amallardandir.

Kasallik manbalaridan saqlanish hayotiy muhim talabdir

Kasallik tarqashiga zamin boʻladigan vositalardan biri bu – jamoat transportlari. Toshkent shahrida transport turlari hamda qatnov koʻlamining kengligi, yoʻlovchilar oqimi yuqoriligi kasallik tarqalishida muhim omil boʻlishini inobatga olib, Toshkent shahrida avtobus, metro hamda yoʻnalishsiz taksi qatnovlari vaqtincha toʻxtatildi.

Poytaxtimiz aholisi bunday choralarning barchasi birinchi galda ularning salomatligini asrash maqsadida amalga oshirilayotganini tushunadilar.

Yana bir muhim masala: barcha savdo va dehqon bozorlarida, savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada boʻlishlarining oldini olishga qaratilgan choralar koʻrilmoqda.

Sogʻliqni saqlash mutaxassislari fikriga koʻra, ijtimoiy masofalanish – koronavirus tarqalishining oldini olishda eng muhim chora ekan. Jamoat joylarida aholining oʻzaro yaqin masofada boʻlishining oldini olish choralari koʻrilmoqda. Bu chora “ijtimoiy masofalanish deb nomlanadi. Ijtimoiy masofalanish, oddiy qilib aytganda, bu – odamlar oʻrtasidagi masofani 2 metr atrofida saqlashdir.

Pandemiya – tafriqa emas, birlashish vaqti

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz maʼlumotlarni tarqatayotganlarga nisbatan aytar soʻzimiz shuki, bugungi sinovli paytlarda barchamiz birlashib, xalqimizga toʻgʻri va asosli maʼlumotlarni tarqatish orqali ushbu ogʻir xastalikni yengib oʻtaylik.

Hozirgi masʼuliyatli onlarda zinhor shayton vasvasasiga berilmasligimiz kerak. Har qanday qiyinchilikni birdamlik, hamfikrlik bilan yengishimiz mumkin. Tarixda ham xalqimiz bunday mashaqqatlarni boshidan oʻtkazgan, sabr-qanoatlari va kuchli imonlari bilan ularni yengib oʻtgan. Bu safar ham, bu kasallikni Alloh taoloning madadi ila birgalikda yengamiz.

Bunday vaziyatlarda biz, ahli ilm, olim ulamolarimizning koʻrsatmalari oʻlaroq dinimizning ahkomlariga asosan moʻmin-musulmonlarni, ayniqsa bunday paytlarda vahima tarqatib ommani sarosimaga soluvchi ayrim insonlarga taʼlim oʻlaroq, Islom dinimiz taʼlimotlariga amal qilishlariga undab qolamiz.

Har qanday mashaqqatga sabr qilish eng afzal ish ekaniga xushxabarlar bor. Alloh taolo aytadi: “Hech shak-shubha yoʻqki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz, toʻla-toʻkis qilib berilur” (“Zumar” surasi 10-oyat). Shunday ekan biz ham sanoqlik kunlarda imtihon oʻlaroq yurtimizdan Yaratganning Oʻzi bu kasallikni koʻtarib yana tinchlik va salomatligimizni barqaror qilsin.

Xulosa

Aytib oʻtilgan choralarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infeksiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qatʼiy muhofaza qilishga qaratilgandir.

Shunday sinov davrida fuqarolarimizdan osoyishtalikni saqlab qolishni, vahimaga berilmaslikni, asossiz maʼlumotlar taʼsiriga tushmaslikni yana bir bor soʻrab qolamiz. Unutmang, hukumatimiz, mutasaddilar va shifokorlar sizning sogʻligingiz uchun har qachongidan ham koʻproq qaygʻurmoqdalar.

Koronavirusga qarshi birgalikda kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish oʻzimiz, oila aʼzolarimiz va yurtdoshlarimiz salomatligini asrash borasidagi eng toʻgʻri yoʻl ekanini unutmaylik.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolari Kengashi


1 870
OʻzA