O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston musulmon ayol sayyohlar uchun eng qulay mamlakatlar o‘ntaligiga kirdi

O‘zbekiston musulmon ayol sayyohlar uchun eng qulay mamlakatlar o‘ntaligiga kirdi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakili Sherzod Sultonovning ma’lum qilishicha, “Mastercard” moliya tashkiloti va “CrescentRating” agentligi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston musulmon ayol sayyohlar uchun eng qulay mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. Unga ko‘ra, musulmon ayollar sayohati jahon turizm bozorida eng tezkor rivojlanayotgan segmentlardan hisoblanadi.

Musulmon o‘lkalardagi xotin-qizlarning daromadlari oshib borayotgani va ularning ta’lim darajasi yuqorilayotganligi sayohatga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.

Ekspertlarga ko‘ra, xavfsizlik va diniy ibodatlar, jumladan, islomiy liboslarga bo‘lgan bag‘rikenglik musulmon ayol sayyohlar uchun eng muhim ahamiyatga ega ikki o‘lchov hisoblanadi. 

2019 yilning 17 oktabr kuni Singapurda o‘tkazilgan “Halal in Travel Asia” sammiti doirasida e’lon qilingan hisobotga muvofiq, O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo mamlakatlar orasida xavfsizlik va diniy bag‘rikenglik bo‘yicha yuqori o‘rinni egallagan mamlakatlar o‘ntaligidan joy olgan.

Qatar, Ummon, Bruney, Turkiya, BAA, Kuvayt va Maldiv davlatlari navbat bilan ro‘yxatning yuqori o‘rinlarini zabt etgan. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatning sakkizinchi o‘rnidan joy olgan bo‘lsa, Indoneziya va Malayziya undan keyingi o‘rinlarda kelgan.

“Muslim Women in Travel 2019” hisoboti musulmon ayollar sayohatiga oid jahon miqyosidagi ilk tadqiqot bo‘lib, unda asosan Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan 3300 nafar musulmon ayol ishtirok etgan.

532
O‘zA