Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

27.08.2018 18:26 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston mustaqilligi abadiy boʻlsin!

Oʻzbekiston mustaqilligi abadiy boʻlsin!

Oʻzbekiston – xorijliklar nigohida

Eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga sanoqli kunlar qoldi. Yurtimizning barcha goʻshasida bayramni koʻtarinki ruhda nishonlashga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. 

Yurtdoshlarimiz yuz-koʻzidagi xursandlik, xotirjamlik tuygʻulari kishini yanada mamnun etadi. Bu kayfiyatni ayni damda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan xorijlik sayyohlar ham eʻtirof etmoqda.

Abdulloh Al-QADHIY, tadbirkor (Malayziya):

– Fan-texnika jadal taraqqiy etayotgan bugungi kunda Oʻzbekiston ham dunyo mamlakatlari bilan tengma-teng rivojlanmoqda. Safarim chogʻida bunga amin boʻldim. Yurtingizga ilk bor kelgan boʻlsam-da, menda iliq taassurot uygʻotdi. Insoniyat tamaddunidagi ulkan sivilizatsiya oʻchoqlaridan biri boʻlgan goʻzal shahar – Xivadan boy taassurotlar bilan qaytdim. Xorazmning mehmondoʻst va shirinsoʻz odamlari, bir-biridan koʻrkam tarixiy inshootlari, xivalik pazandalar tayyorlagan shirin taomlar meni maftun etdi. Xivaning markaziy koʻchalaridagi gullar, insonga gʻurur baxsh etib, shamolda hilpirab turuvchi bayroqlardan anglash mumkinki, yurtingizning chekka hududlarida ham Mustaqillik bayramiga munosib tayyorgarlik ketmoqda.

Dinimiz bir, dunyoqarashimiz oʻxshash boʻlgani uchun goʻzal Oʻzbekistonda oʻzimni begona his qilmayapman. Oʻzbek madaniyatini oʻrganish, tarixiy qadamjolarini ziyorat qilish kishiga oʻzgacha kayfiyat hadya etarkan.

Yurtingizda bogʻdorchilik, meva-sabzavotchilik alohida madaniyat darajasiga koʻtarilgan. Bugun dunyo aholisining tabiiy mevalarga boʻlgan ehtiyoji ortib bormoqda. Oʻzbekistonda mevani qayta ishlash, quritish juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Shuning uchun taʻm borasida boshqa mamlakatlarnikidan ancha farq qiladi. Ayniqsa, quruq mevalari taʻmi ogʻizda qoladi. Kelajakda oʻzimning savdo tarmoqlarim orqali yurtingizdan yongʻoq, mayiz, jiyda, bodom kabi mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganman.

Muhammad AKBAR, savdo mutaxassisi (Afgʻoniston):

– Har gal yurtingizga safarimni ishlarim yurishishi va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdan boshlayman. Koʻngil xotirjamligiga nima yetsin! Bu galgi tashrifimda Zangiota ziyoratgohiga bordim. U yerdagi oʻzgarishlar meni lol qoldirdi. Soʻnggi bor 2013-yili bu moʻtabar qadamjoga tashrif buyurgandim. Hozir umuman boshqacha, yoz fasli boʻlsa-da u yerda bahoriy gullar ochilib turibdi. Bugungi Oʻzbekiston yangiliklari bilan odamni shoshirib qoʻymoqda.Obodlik, bayramona shukuhdan dilingiz ravshan tortadi.

Oʻzbekiston juda boy mamlakat. Chunki bu yerda goʻzal va tengsiz shaharlar bor. Yurtingizda turizmni rivojlantirishga katta eʻtibor qaratilmoqda. Shu sababli qadimiy manzilgohlarga borishni har bir mehmon koʻngliga tugadi. Internet orqali Samarqand, Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni kuzatib boryapman. Mustaqillik bayramini ushbu shaharlarda kutib olmoqchiman.

Chjan CHAN, hunarmand (Xitoy):

– Oʻzbekistonga ilk bor kelishim. Oʻzim bolalar uchun maxsus oʻyinchoqlar yasayman. Mahsulotlarimiz juda xaridorgir. Bir gal Xitoyga sayohatga borgan oʻzbekistonlikning bolasi qoʻlida juda ajoyib qoʻgʻirchoq koʻrib qoldim. Shundan soʻng yurtingiz madaniyatiga qiziqishim ortdi, Oʻzbekistonga kelishga qaror qildim va bunga erishdim.

Toshkentning diqqatga sazovor joylari menga, ayniqsa, yoqdi. Shahar koʻchalari boʻylab kechqurun sayr qilish boshqacha. Xalqingiz bolajon ekan. Buni savdo majmualari, istirohat bogʻlari va soʻlim saylgohlarda kichkintoylar uchun yaratilgan imkoniyatlardan ham bilsa boʻladi. Kishilarning kayfiyati, bolalarning quvnoq va begʻubor kulgisi xotiramda bir umr saqlansa kerak.

Iosif AMINOV, sayyoh (Isroil):

– Samarqandda tugʻilganman. 1979-yili oilamiz bilan Isroil davlatiga koʻchib ketganmiz. Doʻstlarim bilan birga Mustaqillik bayrami tantanalarida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga keldik. Toʻgʻrisi, bolaligim oʻtgan, bobo-buvim dafn etilgan joylarni yana koʻrish hayotimdagi eng hayajonli va quvochli onlar boʻldi. Shu davr ichida Oʻzbekiston jadal rivojlanayotganiga guvoh boʻldik. Yurtingizning yangi qiyofasi rivojlangan davlatlardan qolishmaydi. Ayniqsa, oʻzbek xalqining mehmondoʻst, ochiqkoʻngilligini koʻrib bolalikdagi iliq xotiralarim yodga tushdi. Oʻzbek xalqini mustaqillikning 27 yilligi bayrami bilan tabriklayman, yurtingiz istiqloli abadiy boʻlsin!

Orhan SIVRIKAYA, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK maslahatchisi (Turkiya):

– Xizmat yuzasidan yurtingizning turli shaharlarida boʻlganman. Ushbu tashrifim Mustaqillik bayramingiz arafasiga toʻgʻri kelganidan mamnunman. Istiqlol sharofati bilan yurtingiz kundan-kun chiroy ochib borayotgani, odamlarning yaxshi yashashi uchun qulay sharoitlar yaratilayotganiga guvohman. Sayyohlarga koʻrsatilayotgan yuqori darajadagi xizmatlar, xalqingizning samimiy hurmati va bagʻrikengligi xorijlik mehmonlarga koʻtarinkilik bagʻishlaydi.

Turkiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichda rivojlanayotgani, turli sohalardagi aloqalar faollashgani bizni xursand qiladi. Mamlakatingizda turk ishbilarmonlari yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda, sarmoyadorlar va tadbirkorlarga qulay imtiyozlar taqdim etilmoqda. Bu hamkorlik rivojiga yangi surʻat bagʻishlaydi. Fursatdan foydalanib, oʻzbek xalqini aziz bayram – Mustaqillik ayyomi bilan tabriklayman. Xalqingiz bundan-da ulkan yutuqlarga erishishiga tilakdoshman.

OʻzA muxbirlari D.Mamatova, Z.Mirzaboyeva yozib oldi
3 234