O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari Angliyada oʻtkazilgan xalqaro “Kembriya patruli” tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari Angliyada oʻtkazilgan xalqaro “Kembriya patruli” tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi

Joriy yilning 6-21-oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qoʻshin razvedkachilari oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi Buyuk britaniyalik, nepallik va shveysariyalik hamkasblari bilan birga birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi (tanlov shartiga koʻra har bir sovrinli oʻrin bir nechta jamoaga berilishi ham mumkin).

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti OʻzAga maʼlum qildi.

Ikkinchi oʻrin Buyuk Britaniya, Fransiya va Hindiston jamoalariga, uchinchi oʻrin ham mezbonlarga nasib etdi. Mazkur musobaqada 39 mamlakatdan jami 144 ta jamoa qatnashdi (mezbon davlat tanlovda 63 ta jamoa bilan ishtirok etdi).

Toʻqqiz bosqichdan iborat tanlov davomida ishtirokchilar navigatsiya vositalarisiz Kembriya togʻlari boʻylab 25 kilogramm yuk bilan 70 kilometr masofaga marsh yurish, 1000 metrdan ortiq balandlikka koʻtarilish va 750 metrlik pastlikka tushishni amalga oshirdilar. Bunda ularning yetakchilik qobiliyati, amaliy koʻnikmasi, ruhiy va jismoniy quvvati sinovdan oʻtdi.

Marsh yurish davomida har bir jamoa, togʻli va suv toʻsiqlaridan oʻtish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yoʻq qilish boʻyicha oʻquv-jangovar operatsiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab togʻli hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.

21-oktyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston vakillari tantanali kutib olindi. Tadbirda Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, oʻquvchi-yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, bu – razvedkachilarimizning ilk gʻalabasi emas. 2018-yilda ham “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida vatandoshlarimiz tengsiz ekanliklarini isbotlashgan. Joriy yilda soha mutaxassislari oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqalar: Qozogʻistonda “Oltin ukki” va Hindistonda “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari” bellashuvlarida ikkinchi oʻrin aynan yurtdoshlarimizga nasib etgandi.

577
OʻzA