O‘zA O`zbek

25.08.2018 14:10 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston moʻjizalari: yozgi harorat 25 darajadan oshmaydi

Oʻzbekiston moʻjizalari: yozgi harorat 25 darajadan oshmaydi
Fargʻona tumanidagi Shohimardon qishlogʻi dengiz sathidan 2500-2700 metr balandlikda joylashgan boʻlib, toʻrt tarfi togʻ bilan oʻralgan.

Taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda bir mavsumda bir millionga yaqin sayyoh kelib, dam oladi. Havo yumshoq va musaffo boʻlib, yozda havo harorati 20-25 darajadan oshmaydi. Yolgʻiz oyoq soʻqmoqlardan togʻ choʻqqisiga tomon yoʻl olarkansiz noyob butalar va hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishasiz.

Hamma tarafi Qirgʻiziston bilan chegaradosh bu hududda yetti yarim mingdan ortiq aholi yashaydi. Ular dehqonchilik, asalarichilik, chorvachilik hamda sayyohlarga servis xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanadi. Uy mehmonxonasi bu qishloqda yaxshi rivojlangan. Yana ekologik toza sut va goʻshtni bu yerda taʻtib koʻrasiz. Turli mevalar va dorivor giyohlardan tayyorlangan pishiriq va damlamalarni boshqa joyda uchratmaysiz.

Qishloq Shohimardon va Yordon mahalla fuqarolar yigʻinidan iborat. Joy nomlariga eʻtibor qiladigan boʻlsak, Shohimardon atamasining kelib chiqishi mardlar shohi, toʻrtinchi xalifa hazrati Ali bilan bogʻliq. Mahalliy rivoyatlarga koʻra, hazrati Alining qabri toʻrt tomoni togʻ bilan oʻralgan, ikki daryo tutashgan joyda emish. Dunyoda bunday geografik joy va ziyoratgohlar koʻp. Shohimardon shulardan biridir. Lekin bu afsonalar ilmiy jihatdan isbotlanmagan. Hazrati Alining qabri Iroqning Kufa shahridadir, u zot hech qachon Fargʻona vodiysiga kelmagan. Qishloq markazida Hazrati Alining ramziy maqbarasi boʻlib, mahalliy aholi ichida unga Sherdargoh pirim deya eʻtiqod qiladiganlar koʻp topiladi.

shohimardon-550x381.jpg

Yordon – xalq rivoyatlarda qiyosi yoʻq, tengsiz joy degan soʻzlarni boʻrtirib ifodalash maqsadi har qanday yordan chiroyli, goʻzal degan maʻnoda aytilgani keltiriladi. Tarixchilar orasida esa fargʻonadagi qadimiy turkiy qabillarning kichik bir qismi yordon nomi bilan atalgani, bu bevosita qishloq nomi bilan bogʻliq degan qarashlar ham bor. Yordon qishlogʻi oʻzining bahaybat archalari, shoʻx soylari, qizil toshli togʻlari bilan mashhur. Soy yuzasidan 10 hatto 20 metr yuqoriga oʻzi koʻtarilib, oqib chiquvchi sugʻorish arigʻi moʻjizani oʻzi. Hududdagi odamlarni va qoʻy-echkilarni yogʻin va seldan saqlovchi ayvon sifat kamarlar kishini lol qoldiradi.

Hududidan Oqsuv va Koʻksuv soylari oqib oʻtadi. Bu soylar Shohimardon qishlogʻi markazida birlashib, Oqsuv nomi bilan Qirgʻiziston hududi orqali Vodil qishlogʻiga yetib, Margʻilonsoy nomi bilan Margʻilon shahri va undan keyingi qishloqlargacha yetib boradi.

Yordonda Oqsuvning kengaygan qismidagi tabiat moʻjizasin kuzatib rohatlanasiz. Yuqoridan tushib, Oqsuvga qoʻshilib ketadigan sharsharani kamalak jilosini koʻrish, undan zavqlanish va ruhi taskin topishning oʻzi maroqli. Shuningdek, daryo vodiysida sel oqizib kelgan ulkan harsangtoshlardan ona tabiat yaratgan moʻjizali manzarani hayrat bilan tomosha qilish mukin.

1-45.jpg

Mahalla markazida yana bir buloq bor. Chakkatomar. Xalq tilida bu mahzun buloq haqida “yelkasida togʻ, koʻksida togʻ, tosh yigʻlaydi” satrli qoʻshiq azaldan koʻylab kelinadi. Toshlarning tub-tubidan sizib chiqqan bu buloqni toshlarning uksik koʻzyoshlari deyishadi. Uning yana bir nomi Jahon bulogʻi. Sayyohatchilar negadir bu buloqqa niyat qilib, tangalar va munchoqlar tashlab ketishadi.

Shohimardondan oqib oʻtuvchi soylarning asosiy manbalari qor, yomgʻir va muz suvlaridir. Ular yana koʻplab tabiiy buloq va jilgʻalardan ham tuyinadi. Shundan boʻlsak kerak, soy suvi juda sovuq boʻladi. Baliq uchramaydi. Soyning umumiy uzunligi 112 kilometrni, havzasi 1 ming 300 kilometr kvadratni tashkil etadi.

Shohimardon fusunkor tabiati, zilol suvlari, ming dardga davo nabodot olami bilan yetti iqlimga mashhur.

OʻzA
2 290