Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.01.2018 17:00 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston mo‘jizalari: Boshiga sadadan soya, oyoqlari ostida yangi buloq emish

Yurtimizda ziyorat maskanlari ko‘p. Ularni ziyorat qilish inson qalbi va ruhiga taskin beradi. 

Namangan viloyatining Chodak qishlog‘ida ko‘plab qadamjolar bor. Shoh Sulaymon - shayxi zinda Ali, IX asr boshlaridan bu atrofda musulmonchilik ilmi va tartiblarini targ‘ib qilganlardan biri. Hazrat Ali avlodlaridan. Chodakka kiraverishdagi Qiziloq do‘ngligida maqbarasi mavjud. Rivoyat qilishlaricha, u kishi g‘orga tiriklay kirib ketgan ekan. Shuning uchun mozorlarini «Shayxi zinda Ali» deb atashadi. Bir vaqtlar tashlandiq holga kelib qolgan maqbara hozirda ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi.

Hoja Muhammad Samosiy. «Samosiy» so‘zi forschada, zikr qipuvchi, degan ma’noni bildiradi. Samosiy Naqshbandiyning ustozi va tutingan otasidir. 

Rivoyatlarga ko‘ra, Hoja Muhammad Samosiy zikr qilib borarkan, ko‘chalarning birida to‘xtab, bir eshikka ishora qilib, «Shu dargohda quyosh porlaydi», degan ekanlar. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, yana shu eshikni taqillatib kelib, «Quyoshni olib chiq», deb qichqiribdilar. Darhaqiqat, oilada yangi inson dunyoga kelgan ekan. Otasi olib chiqib, uni Hoja Muhammadning etagiga solibdi. Hoja Muhammad go‘dakning peshonasidan o‘pib, bolani Bahovuddin atab, zikr qilganicha, yo‘lida davom etibdi.

Abu Bakr Siddiqning 18-avlodi bo‘lmish Mavlono Lutfulloh Fathullo o‘g‘li taxminan 1492-93-yillarda Chodakda tug‘ilgan. U kishining kindik qoni to‘kilgan joyda hozir tosh uyumi bor. Uning o‘rtasida bir tup yong‘oq barq urib o‘sib turibdi, har yil juda mo‘l hosil beradi. Balandligi 2-3 metr chamasi keladigan bu uyum markaziy asfalt yo‘ldan ham ko‘rinib turadi.

Chodak markazidan g‘arbga yurilsa, Langar arig‘ining pastida bundan besh yuz yil muqaddam archa yog‘ochi va xom g‘ishtdan qurilgan (hozir pishiq g‘isht bilan ta’mirlangan) bir imorat bor. Bu Mavlononing uylari. Uyning sharq tarafida chillaxona, o‘rtasida ramziy gumbaz o‘rnatilgan. Hovlining sathi yigirma sotix chamasi. Maydonchaning o‘rtasida Mavlono Lutfullo o‘z qo‘li bilan ekkan bir tup olma daraxti bo‘lib, xalq orasida «Sebi Mavlono» nomi bilan mashhur. Aytishlaricha, bu olma sakkiz marta qurib, yana ildizidan yangilangan ekan.
Mavlono Lutfulloh Samarqandda madrasada falsafa, falakiyot, tibbiyot, jug‘rofiya, handasa kabi fanlarni chuqur o‘zlashtiradi. Ko‘pgina buloqlarning ko‘zini ochib, ariq qazish ishlariga boshchilik qiladi. 

Rivoyat qilishlaricha, Mavlono bir kuni yashirincha yo‘lga chiqib, «Tuya toydi» dovonidan o‘tayotganda polizda kuymanib yurgan dehqonni ko‘rib qoladi. Unga ishora qilib, «Huv, handalakni uzib ber» deydilar. Dehqon ajablanadi: axir, xandalak pishig‘iga hali ancha bor... Iltimos yana takrorlangach, dehqon qayrilib, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir xandalak halimday pishib yotgan emish. Darhol uzib, darvishning qo‘liga tutqazibdi. Hazrat dehqonni duo qilib, bir chetga o‘tib, handalakni yeb turganlarida orqadan bir necha muridlar yetib kelishibdi. Qarasalar, Mavlono Lutfullo boshiga bir tup sada soya solib, oyoqlari ostidan yangi buloq chiqqan emish. Yigitlar Mavlononing qaytishga undabdilar. 

Namanganning Chodak qishlog‘ida buloqlar ko‘p. Valixon, Normirzabuloq, Xushob, Tokak, Pag‘dibobo buloqlari shular sirasidandir. Pag‘dibobo buloqi yonida maktab o‘quvchilarining ko‘rkam dam olish bog‘i bor. Bu oromgohda yong‘oqzor va o‘rikzorlar barpo etilgan bo‘lib, dorivor o‘tlar ham ko‘paytirilmoqda. 

Pag‘dibobo buloqning tepasida, dengiz sathidan 1600 metr balandlikda taxminan 10 gektarda «Oqarqara» ko‘li bahor va yozda to‘lib turadi. Suvning qayerdan, qayerga chiqib ketishiga qiziqqan odamlar ko‘l suviga rang tashlab, atrofni kuzata boshlashibdi. Qay ko‘z bilan ko‘rsinlarki, qizil rangdagi suv 30-35 kilometr naridagi Qirchin buloqlaridan oqib chiqibdi. 

Hozirda Chodak qishlog‘iga kelgan sayyohlar ana shunday ajoyibotlarni guvohi bo‘ladilar. Chodaksoyda fanda “marinka”, mahalliy xalq tilida esa “shirmohi” deb ataladigan boshqa joylarda topilmaydigan baliq g‘ujg‘on o‘ynaydi. Bu baliqlar 20 yilgacha umr ko‘rib, 60 santimetr uzunlikdagilari ham uchrab turadi. Boshqa baliqlar singari ular ham uxlamaydi, tinch holatda dam oladi. 

Aytishlaricha, marinka (shirmohi) baliqlari eng toza suvga moslashgan bo‘lib, u qo‘ldan ovqat yemaydi. Tosh kovaklariga, suv o‘tlari orasiga urug‘ qo‘yib ko‘payadi. Bu baliqlarning xalq tilida “shoh baliq”, “qora baliq”, “xon baliq”, “gul mohi” degan nomlari mavjud. Ular mazzasi jihatdan juda yoqimli. Shu kunlarda Hindistondan, Germaniyadan kelgan sayyohlar yozda yana kelishni niyati qilib qaytishdi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
9 708