O‘zA O`zbek

06.08.2018 12:00 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston meva-sabzavotlari dunyodagi eng nufuzli brendga aylanmoqda

O‘zbekiston meva-sabzavotlari dunyodagi eng nufuzli brendga aylanmoqda

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi eksportyor korxonalar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 35 million dollardan ortiq meva-sabzavot eksport qilindi.

2618.jpg

Mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar yuqori nufuzli brendga – tovar belgisiga aylanmoqda. Xorijiy mamlakatlarda bu mahsulotlarimiz yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi.

df135df2017c4f0da38af60d83d4a21c_XL.jpg

Mamlakatimizda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida meva-sabzavot yetishtirish hamda uni eksport qilish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir.

Farg‘ona viloyatida ham bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, o‘tgan davr mobaynida 128 million dollardan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Ayni kunlarda 100 ming gektar maydonda takroriy ekinlar ekilmoqda.

Quva tumanida tomorqachilikda ham katta tajriba maktabi yaratilgan. Tomorqadagi ko‘chatlar, qulupnay, gilos va boshqa mahsulotlardan ko‘plab oilalar yaxshi daromad ko‘rmoqda. Ayni kunlarda tumanda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari paxta va don yetishtirish bilan cheklanib qolmasdan, bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda sabzavot yetishtirish, sotish bilan ham shug‘ullanmoqda. Bu ichki bozorni sarxil va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, ularni qayta ishlash va eksport qilish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Joriy yil tumanda qariyb 21 ming tonnaga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan edi va bugungi kunda to‘liq uddalandi. “Reflection”, “Vodiy grant meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, tadbirkor Faxriddin Hamdamov tomonidan amalga oshirilayotgan eksport hajmi yanada oshmoqda.

– Jamiyatimiz tomonidan 1 ming 200 tona meva-sabzavot Rossiyaga eksport qilindi, – deydi “Vodiy grant meva-sabzavot” MCHJ direktori Jahongir Zokirov. – Ayni paytda mahsulot eksport qilish qizg‘in bormoqda. O‘tgan yili 1 ming 500 tonna sig‘imga ega sovutgichni ishga tushirdik. Shuningdek, eksportni amalga oshirish uchun zamonaviy logistika markazi bunyod etildi. Hozir eksport hajmini oshirish uchun xorijiy sheriklar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish ustida ishlamoqdamiz.

Tumanda g‘alladan bo‘shagan 4 ming 900 gektar maydonga sabzavot, kartoshka, kungaboqar, dukkakli va poliz ekinlari ekildi. Fermer va dehqonlar bilan shartnoma imzolandi.

M.Sulaymonov, O‘zA
2 205