O‘zA O`zbek

07.08.2018 19:04 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston MDH davlatlari o‘rtasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etadi

O‘zbekiston MDH davlatlari o‘rtasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etadi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha mamlakatimizda xizmatlar eksporti 3,5 milliard, joriy yilning birinchi yarim yilligida esa 2,4 milliard dollarni tashkil etdi. 2017 yilda 978,2 ming dollar, 2018 yilning olti oyida 2,4 milliard dollar miqdorida xizmatlar import qilingan.

Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotining taxminan 25 foizi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda xizmatlar sohasiga alohida e’tibor qaratish iqtisodiy o‘sish omillaridan biridir.

Tashqi savdo vazirligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, mamlakatimiz MDH davlatlari o‘rtasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi loyihasini yaratish ishchi guruhi faoliyatida qatnashadi.

Shu munosabat bilan Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligida idoralararo ishchi guruhi tashkil etildi.

Moliya, Iqtisodiyot, Adliya, Tashqi ishlar, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Markaziy bank, Avtomobil transporti agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi mazkur ishchi guruh tarkibida bo‘lib, erkin savdo hududi bitimi loyihasini milliy qonunchiligimiz asosida o‘rganib chiqadi.

Mazkur bitim loyihasiga ko‘ra, MDH davlatlarining tashkilot, kompaniya va idoralari belgilangan tartibda o‘zaro xizmatlar bozoriga erkin kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hujjat moliya, bank, transport, ta’lim, sug‘urta va boshqa xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Bitim loyihasida yuridik shaxslarning boshqa davlatlarda tashkil etilishi, ular tomonidan filiallar, vakolatxonalar ochilishi va ularning investitsion faoliyati tartibi belgilab o‘tiladi.

– MDH mamlakatlari o‘rtasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi nafaqat mehnat resurslarining erkin almashinuvi, balki bir davlatdan boshqa davlatga investitsiya kiritish uchun shart-sharoitlar yaratish va investitsiyalar himoyasini ta’minlab berish uchun zamin yaratadi, – deydi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.

Shu ma’noda O‘zbekiston MDH doirasida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo hududi bitimi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Ishlab chiqilayotgan hujjat MDH mamlakatlari uchun tovar va xizmatlar bo‘yicha savdo hududlari tashkil etish hamda erkin savdo qilishga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 214