Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 21:56 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barqaror va xavfsiz mintaqaga aylanishi tarafdori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda qo‘lga kiritilgan konstruktiv ichki va tashqi siyosat natijalari alohida qayd etilib, O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy va xalqaro siyosatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar xaqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jahon hamjamiyatiga milliy davlatchilik va suverenitet poydevori, xavfsizlik va huquq-tartibot, davlat chegaralari daxlsizligi, qonun, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashning kafolati sifatida taqdim etildi.

Davlat boshqaruvi mas’uliyatini oshirish, demokratik tuzilmalar ochiqligini ta’minlashga yo‘naltirilgan Strategiya, hech shubhasiz, davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘taradi. U Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining BMT bilan o‘zaro aloqasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Albatta, O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro mehnat tashkiloti, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi kabi BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlik qilishi BMTning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, ekologik muammolarni hal etish, xususan, Orol dengizi fojeasi asoratlarini yumshatish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishdagi beqiyos ahamiyatini e’tirof etish ko‘rsatkichi hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridan bildirgan Markaziy Osiyoning barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishi borasidagi tashabbuslari allaqachon hayotga joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sentabr oyining boshida O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlarining muntazam uchrashuvlari yo‘lga qo‘yilgan. Bularning barchasi O‘zbekiston Markaziy Osiyoni barqaror, tinch va xavfsiz hududga aylantirish g‘oyasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi.

Esemurat Kanyazov,
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari,
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori.


1 726






Все о погоде - Pogoda.uz